17:55 / 07.11.2020
3 636

O‘zbekistonlik shifokor Rossiyada Zamonamiz qahramoni deya e’tirof etildi

O‘zbekistonlik shifokor Rossiyada Zamonamiz qahramoni deya e’tirof etildi
Foto: Yuliya Ulyanoxina
Polevskoy markaziy shahar shifoxonasining shifokor anesteziolog-reanimatologi Rinat Abdullayev pandemiya boshlangandan beri koronavirusga chalingan bemorlar hayoti uchun kurashib kelmoqda. Uning jonbozligi Rossiya ommaviy axborot vositalarida alohida e’tirof etildi.

Rinat Abdullayev Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida dunyoga kelgan. Aslida u fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi bo‘lishni orzu qilgan, biroq uchuvchilar bilim yurtiga o‘qishga kirish nasib etmagach, Oqto‘ba davlat tibbiyot instituti talabasiga aylangan.

Tibbiyot sohasini tanlashni menga qarindoshim maslahat bergan. Odamlarni davolash savob ish, ustiga-ustak, qiziqarli soha deb o‘yladim va uning maslahatiga amal qildim. Ota-onam ham shifokor bo‘lishimni xohlashgan, — deydi Rinat Ibragimovich. — Institutga medal sohibi sifatida faqat bitta — kimyo fanidan imtihonni a’loga topshirib kirganman. Olti yil tahsil olib, jarrohlik diplomini oldim.

Rinat Abdullayev tibbiyot institutida o‘qigach, 1995 yil Shimoliy Qozog‘iston, Oriqbaliq qishlog‘ida mehnat faoliyatini boshlaydi. O‘sha paytlarda markaziy tuman shifoxonasida shifokor yetishmagan, ikki yil mobaynida jarroh ham bo‘lmagan. Shu bois yosh do‘xtir nafaqat operatsiyalar, balki tug‘uruqlarni qabul qilish, urologik va travmatologik muolajalarni ham olib borgan. Ba’zida elektr uzilishlari sabab operatsiyalarni kerosinli chiroqlar ostida bajarishga majbur bo‘lgan.

Qishda ko‘pincha chiroq bo‘lmasdi. Ba’zan dizel ishlamay qolardi, shunda besh-oltita kerosinli chiroqni yoqib, ularning yorug‘ligi ostida operatsiya o‘tkazardik. Bu men uchun juda katta hayot maktabi bo‘ldi, ko‘p narsalarni o‘rgandim, — deya eslaydi doktor. — Tibbiyot institutida bizga professorlarimiz shunday deyishardi: «Bolalar, katta shaharlarda qolishga harakat qilmanglar, yaxshisi, tuman shifoxonalariga ishlashga boringlar — shunda ko‘p narsalarni o‘rganasizlar». Menda xuddi shunday bo‘ldi. U paytlarda puldan qiynalardik, ikki yillab maosh olmaganman. To‘g‘ri, shifoxona turar joy bilan ta’minlagan.

Ikki yil davlatga ishlab bergach vatandosh shifokorimiz jonajon yurti — O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan va bu yerda tibbiy faoliyatini davom ettirgan. Jarroh bo‘lib ishlagan paytlarida esa shifokor anesteziolog-reanimatologlikka qaytadan o‘qidi.

Yangi ixtisoslikni egallashimni ustozim, oliy toifali shifokor anesteziolog-reanimatolog Olim Anvarovich Akramov maslahat bergan: «Rinat, bu sohada mutaxassislar yetishmayapti, qaytadan o‘qib olsangiz, afsuslanmaysiz». Men buni ikki-uch oy o‘ylab yurdim va shu qarorga keldim. Qayta tayyorlash Toshkent vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida o‘tdi. 1997 yildan beri anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlab kelyapman va bundan biror marta ham afsuslanmaganman. Reanimatolog ishi — bu, avvalo, katta hajmdagi ma’lumot, bilim degani. Agar ularga ega bo‘lsangiz, bemor hayoti sizning qo‘lingizda bo‘ladi.

Bunda ham yurakni, ham o‘pkani nazorat qilish, endokrinologiyani yaxshi tushunish kerak. Aynan shular tufayli reanimatsiya meni o‘ziga jalb qildi. Ko‘pchilik jarrohlik birinchi o‘rinda, reanimatsiya uning soyasida qolib ketadi, deyishadi. Lekin birorta jarroh o‘z ishini shifokor anesteziolog-reanimatologsiz bajarmaydi. Tez qaror qabul qilish kerak, yurakni ishga tushirib, miya faoliyatini tiklash uchun uch-to‘rt daqiqangiz bo‘ladi. Shu qisqa fursat ichida vaziyatni tahlil qilib, bemorning o‘zini yomon his qilish sababini aniqlashingiz va uni hayotga qaytarishingiz zarur.


2017 yilda Rinat Ibragimovich mehnat faoliyatini Rossiyada davom ettirishga ahd qiladi. Unga turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar farzandi hamroh bo‘lishadi. Shifokor uchun bemorning begonasi yo‘q deganlaridek, Rinat Ibragimovich 2018 yildan beri Polevskoy markaziy shahar shifoxonasida faoliyat yuritmoqda. Jarrohlik reanimatsiyasida ishlayotgan vatandoshimiz pandemiya boshlangach, Polevskoy markaziy shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limi reanimatsiyasiga o‘tkazildi.

Shu yil mart oyida ta’tilga chiqdim, pandemiya endi zo‘raya boshlagan edi. Dam olishim tugashiga ikki-uch kun qolganda rahbariyat shifokorlar jamoasini kuchaytirish maqsadida meni jarrohlik bo‘limidan yuqumli kasalliklar bo‘limiga o‘tkazmoqchi bo‘lishayotganini aytishdi. Darrov rozi bo‘ldim. 1 aprel kuni ishga chiqdim. O‘shandan beri shu yerdaman, — dedi shifokor. — Bo‘limdagi koronavirus va pnevmoniya bemorlarining aksariyati 60 yoshdan oshgan kishilar. Ularning ko‘pchiligida hamroh kasalliklari bor, shu bois dard og‘ir kechadi. Ustiga-ustak, aksariyatida qo‘rquv ham bor, ayrimlari vahima qilishadi, umidsizlikka tushishadi... Bunday bemorlarga bir gapni doimiy takrorlayman:

«Biz uchtamiz: Men — shifokor, siz — bemor va kasallik. Agar qo‘rqsangiz, tushkunlikka tushsangiz — kasallik sizni o‘z tomoniga og‘dirib oladi va men yolg‘iz qolaman, bir o‘zim uddalay olmayman. Odatda so‘zlarim ta’sir qiladi, bemorlar yuzida tabassum, tuzalishga bo‘lgan umid va xohishni ko‘raman. Har qanday kasallikda bu jihatlar juda muhim. Shuni ta’kidlashni istardimki, shifokorlar ushbu xastalikni hamshiralar va sanitarkalarsiz yenga olishmasdi. Aynan ular kechayu kunduz bemorlar yonida bo‘lishadi, zimmasida katta mas’uliyat bor. Ana shular haqiqiy qahramonlar, ularsiz biz, shifokorlar, hech nima qilolmasdik. Ularga rahmat, chuqur ta’zimdaman.


Yekaterina Batenkova, bolalik va akusherlik bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari (3-sonli statsionar kuratori):
Rinat Ibragimovich bizda yaqinda ish boshladi, biroq shu fursat ichida uning kasbiy mahoratini baholashga ulgurdik. Bu doktor-reanimatolog bolalar bilan ham, kattalar bilan ham birdek ishlay oladi, bemorlar qarindoshlarining ko‘nglini olishni yaxshi biladi. «Qizil hudud»ga qadar Polevskoy markaziy shahar shifoxonasining birato‘la ikkita maydonchasida ishladi: Stalevarov, 3 hamda Dekabristov, 24.

Tatyana Nikulina, yuqumli kasalliklar bo‘lim boshlig‘i:
Rinat Ibragimovich ayni muhim pallada, bor-yo‘g‘i ikkita shifokor-reanimatologimiz borligida safimizga kelib qo‘shildi va o‘sha onlardayoq uning yaxshi shifokor ekanligi sezildi. Hamkasblar va bemorlarga xushmuomala, vijdonli, intizomli. Uning navbatchiligida ishlash oson.

Natalya Fedorisheva, 3-sonli statsionar baklaboratoriyasi shifokor-mikrobiologi:
Rinat Ibragimovich — insofli, o‘z ishini yaxshi ko‘radigan mutaxassis. Tartibli, qat’iy, hamkasblar orasida o‘z obro‘siga ega inson.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik shifokor Rossiyada Zamonamiz qahramoni deya e’tirof etildi