16:30 / 27.11.2020
1 960

Yo‘llardagi qoidabuzarliklarning 33 foizi foto va video vositalar orqali aniqlanmoqda

Yo‘llardagi qoidabuzarliklarning 33 foizi foto va video vositalar orqali aniqlanmoqda
Ma’lum qilganimizdek, bugun parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromovning «2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitilmoqda.

Vazirlikning axborotiga ko‘ra, 2020 yilning 9 oyi davomida jami 3912559 ta yo‘l-harakati qoidabuzarliklari aniqlanib, bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shulardan 1349370 tasi(33%) foto va video maxsus vositalari orqali aniqlangan. Bundan tashqari 2019 yilning iyul oyidan 2020 yil 1 oktabr kuniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali 83693 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlangan va 22,6 mlrd so‘m miqdordagi jarimalar davlat budjetiga undirilgan.

Eshituvda deputatlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyat samaradorligini baholovchi asosiy ko‘rsatgichlarga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu sohada bir qator ijobiy o‘zgarishlar bilan birga mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar ham ta’kidlab o‘tildi.

Xususan, vazirlik bergan javobda qayd etilganidek, 2020 yilning 9 oyida yo‘l transport hodisalar soni 4294 tani tashkil etdi. Oqibatda 1293 nafar inson halok bo‘ldi, 3886 tasi tan jarohati olgan. Bolalar o‘rtasidagi yo‘l transport hodisalari esa joriy yilning 9 oyida 740 tani tashkil qilgan bo‘lib, oqibatda 163 nafar bola halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatgich ya’ni, halok bo‘lgan bolalar soni 2019 yilda 158 tani tashkil qilgan.

Deputatlar tomonidan yo‘llarda ayniqsa, Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish va bartaraf etish, avtomobil qo‘yish joylari va ko‘p qavatli avtomobil to‘xtab turish joylari qurish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham tanqidiy baho berildi.

Axborotda qayd etilganidek, 2020 yilning to‘qqiz oyida 329115 ta transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda jami 285 ta transport vositalarining to‘xtash joylari(jarima maydonlari) mavjud. Mazkur maydonlarning 95 tasida asfalt qoplamasi, 220 tasida evakuatorning yo‘qligi, aksariyatida kuzatuv kameralarining mavjud emasligi ham deputatlarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilmaganining boisi, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida tizimli tahlil ishlari olib borilmaganidir. Vaholanki, konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritasida» Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qoshida yo‘l harakati xavfsizligi muammolari bilan shug‘ullanuvchi Ilmiy tadqiqot markazi tuzish belgilangan bo‘lsa-da, uning ijrosi ta’minlanmagan.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ichki ishlar organlari yo‘l-harakati xavfsizligi bo‘linmalarining xodimlari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ular orasida korrupsiya va vakolatni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2020 yilning 9 oyida 642 nafar xodimlarga nisbatan turli intizomiy choralar ko‘rildi.

Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan tadbir davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yo‘llardagi qoidabuzarliklarning 33 foizi foto va video vositalar orqali aniqlanmoqda