11:16 / 01.12.2020
3 004

Shavkat Mirziyoyev Putin bilan COVID-19 ga qarshi Rossiya vaksinasini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Putin bilan COVID-19 ga qarshi Rossiya vaksinasini muhokama qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbekiston davlat rahbari matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Qayd etishlaricha, prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini muhokama qildi. Xususan, 2020 yil dekabrida videoanjuman shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan (yig‘ilish dastlabki reja bo‘yicha 16 oktabrda o‘tkazilishi kerak edi).

Mirziyoyev va Putin koronavirus pandemiyasining tarqalishi oqibatida kelib chiqqan global inqiroz sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan. Jumladan, o‘zaro tashriflar faol amalga oshirilmoqda, o‘zaro savdo hajmlari ortmoqda, ustuvor loyihalar hamda gumanitar almashinuv dasturlari davom ettirilmoqda.

Kreml matbuot xizmatining axborotida ta’kidlanishicha, ikki davlat rahbarlarining telefon muloqoti chog‘ida «koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, shuningdek, Rossiya vaksinasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan». Kremlning qayd etishicha, muloqot O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev O‘zbekistonda 2020 yil oxiri yoki 2021 yil boshida koronavirusga qarshi Rossiyada ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasining klinik sinovlari boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF)ga 500 doza vaksina olish bo‘yicha so‘rov yuborilgan.

Sentabr oyida RTIF O‘zbekistonning «Laxisam» farmatsevtika kompaniyasi bilan 35 million doza «Sputnik V» vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Xitoy, AQSH va Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan vaksinalar ham sinovdan o‘tkazilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Putin bilan COVID-19 ga qarshi Rossiya vaksinasini muhokama qildi