07:00 / 15.01.2021
2 792

«Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgan». Qurilish vaziri Jizzaxda qulagan ko‘p qavatli bino haqida

«Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgan». Qurilish vaziri Jizzaxda qulagan ko‘p qavatli bino haqida
Foto: Qurilish vazirligi axborot xizmati
Jizzax shahridagi ko‘p qavatli binolardan birining qulashi holati yuzasidan ob’ekt hujjatlari uch marta o‘rganilganda ular uch xil chiqqan. Bu haqda 14 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida qurilish vaziri Botir Zokirov so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

Tadbirda qurilish vaziri voqea yuzasidan munosabat bildirarkan, u yerda korrupsion sxema bo‘lganligini bir necha marotaba ta’kidlab o‘tdi.

«Bu bo‘yicha menga ham alohida ma’lumot kirgan. Administratsiyadan ham shu masala bo‘yicha oydinlik kiritildi — u yerda korrupsion sxema bo‘lgan. Kimningdir hokimlikka qanaqadir yaqinligi bor yoki tizimda tanish-bilishi bor, bugun uning nomiga olinadi, qurilish boshlangandek bo‘ladi va umuman boshqa odamlar ishlaydi. Shuning uchun hujjatni uch marta aniqlashtirishganda uch xil chiqyapti. Unaqa bo‘lishi kerak emas. Bu korrupsion sxema-da, masala shu. Hozir qidiradigan bo‘lsangiz, birorta egasi chiqmaydi va mingta bahona qilishadi. Bu korrupsion sxema.

Bir xil odamlar biznes qilyapti, uning tanish-bilishi bor, u bemalol kiradi, joyni oladi, tushunyapsizmi? Keyin hali qurilish tugamasidan sotadi. Hamma hujjat chala-chulpa bo‘ladi. Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgani uchun tadbirkorlar nima xohlasa, qilyapti. Biz shuning oldini olishimiz kerak.

Yana bitta narsa, administratsiyaga bergan ma’lumotda ham Jizzaxdan tashqari, boshqa aholi yashash punktlarida ham xuddi shunday sxema bo‘layotgani to‘g‘risida aytib o‘tilgan. Hozir o‘tirib qanday korrupsiya ekanligini muhokama qilishga menda vakolat yo‘q. Ob’ektning buyurtmachisi, texnik va loyiha mualliflik nazorati hamda pudratchisi bo‘lishi kerak. Ularda buning bittasi, hatto buyurtmachining o‘zi ham yo‘q
», — dedi Botir Zokirov.

Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgan edi. FVV va Bosh prokuraturaning qayd etishicha, voqea oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lgan fuqarolar bo‘lmagan. Ma’lum qilinishicha, qulab tushgan bino yonidagi 6 qavatli inshootning ham poydevorlarida cho‘kish alomatlari kuzatilgan bo‘lib, hozirda u xavfli holatda turibdi. Halokatni o‘rganish maqsadida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq hukumat komissiyasi tuzilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bu yerda korrupsion sxema bo‘lgan». Qurilish vaziri Jizzaxda qulagan ko‘p qavatli bino haqida