14:49 / 16.01.2021
2 348

Shavkat Mirziyoyev 17 yoshli talaba qizning taklifini qo‘llab-quvvatladi

Shavkat Mirziyoyev 17 yoshli talaba qizning taklifini qo‘llab-quvvatladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar, juma kuni Toshkent shahri va Yunusobod tumani faollari bilan uchrashib, bir guruh mahalla raislari hamda yoshlarning takliflarini eshitdi.

«Daryo»ning xabar berishicha, uchrashuvda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Gulruhbonu Shokirova ham so‘zga chiqib, o‘zi tahsil olayotgan ta’lim muassasasi talabalari amaliyot jarayonini O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarida amalga oshirishi kerakligini qayd etdi.

«O‘tgan yili Yunusobod tumanidagi 250-sonli maktabni oltin medal bilan tamomladim. O‘qish davrida ona tili va adabiyoti fanidan olimpiadalar, insho yozish va she’riyat bo‘yicha turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Bundan tashqari, ingliz tilini ham o‘rganishga alohida ahamiyat qaratib, 16 yoshimdayoq IELTS sertifikatidan 7 ballga ega bo‘ldim. Maktabni tamomlagach, Amerika, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Polsha, Kanada kabi mamlakatlarda joylashgan top-500 talikka kiruvchi oliy o‘quv yurtlarining 43 tasiga talabalikka tavsiya etildim.

O‘zbekistondagi milliy oliy ta’lim muassasalarining imtihonlarida ham qatnashib, eng yuqori ball, ya’ni 189 ball bilan beshta universitetga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildim. Ammo men o‘zimizdagi barcha sharoitlarga ega zamonaviy universitetlardan birida o‘qishga qaror qildim. Hozir 17 yoshdaman va Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetida tahsil olyapman. Men kelajakda xalqaro darajadagi iqtisodchi bo‘lmoqchiman.

Hurmatli Prezident, mening taklifim shuki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qiyotgan talabalarning amaliyotini O‘zbekistonning chel eldagi elchixonalari va konsulxonalarida amalga oshirishlarida yordam berishingizni so‘rayman. Bu orqali bizdagi talabalarning diplomatik salohiyati yanada oshadi va Temuriylar avlodi ekanligimizni butun dunyoga ko‘rsatishga va’da beramiz
», — dedi Gulruhbonu Shokirova.

Davlat rahbari 17 yoshli talaba qizning taklifini qo‘llab-quvvatlab, unga O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida amaliyot o‘tash imkoniyatini berdi.

«Sizning bunday yutuqlaringiz har bir insonni, albatta, ruhlantiradi. Avvalo, ota-onangizga katta rahmat, ularga mening nomimdan minnatdorchilik bildirib qo‘ying. Yaqinlaringiz siz bilan har qancha faxrlansa arziydi. Men ham sizdan xuddi o‘zimning qizimdek chin dildan faxrlanaman.

Yuqorida bildirgan taklifingiz juda o‘rinli. Bu bo‘yicha tegishli qaror ham chiqaramiz. Ammo sizga xohlagan vaqtingizda Amerika elchixonasiga borib, bir oymi yoki bir yilmi, istaganingizcha ishlab kelish imkoniyatini beraman. Siz kabi qizlarimdan faxrlanaman va o‘zbek millati vakili sifatida butun dunyoga ibrat bo‘lishlaringizni istayman!
», — dedi prezident.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev 17 yoshli talaba qizning taklifini qo‘llab-quvvatladi