19:17 / 21.01.2021
4 473

Jahongir Otajonov saylovda qatnashish istagi uchun uni qoralaganlarga murojaat qildi

Jahongir Otajonov saylovda qatnashish istagi uchun uni qoralaganlarga murojaat qildi
San’atni tark etganini aytgan Jahongir Otajonov 20 yanvar kuni Instagram’dagi sahifasi orqali O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yish istagi borligini ma’lum qildi. Xonandaning ushbu qaroriga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari turli munosabat bildirdi.

Kimdir undan siyosatchi chiqmasligini aytib, uni bu fikridan qaytarishga urindi, yana kimdir uni qo‘llab-quvvatladi. Izohlar orasida xonandaning sha’niga haqoratli so‘zlar yozib qoldirilgan holatlar ham uchradi. Jahongir Otajonov xeyterlariga yana bir videomurojaat qoldirdi hamda unda davlatni boshqarish mashaqqatlari haqida so‘z yuritdi.

«Kecha qalbimdagi bir niyatimni sizlar bilan bo‘lishdim. Albatta, buning orqasidan fitna deb bo‘lmas, lekin shunga yaqin fikr bildirganlar bo‘ldi. Kimlardir meni haqorat qildi. Zotan, Alloh taolo bir-birimizga nisbatan bunday so‘zlarni ishlatishni ma’qullamaydi. Buni ko‘pchilik mening musiqadan ketganimning sababi shu ekan, dinni niqob qilib, odamlarga yaxshi ko‘rinib, keyin bu ishlarni reja qilgan ekansiz, degan izohlarni o‘qidim.

‘Krugozor’ni kengroq olib, zamonaviy fikrlash kerakki, unaqa ishlar bo‘lmaydi. Dinni niqob qilib, odam unaqa ishlarni bo‘yniga ololmaydi. Zotan, prezident bo‘lish — bu baxt emas. Prezident bo‘lish — bu do‘zax! Nimaga do‘zax? Chunki bu narsaning javobgarligi bor! Bir davlatning prezidenti bo‘lgan odam, shu davlatda nechta odam bo‘lsa, o‘sha insonlarning har bittasining nimaga haqli ekanini bilmagani uchun qanchalik Allohning oldida javob berishini sizlar tasavvur qila olmaysizlar, meni so‘kayotganingizda. Men baxtsizligimdan, kunim o‘tmayotganidan, artistlik qilish uchun prezident bo‘laman, deganim yo‘q. Men aytdimki, Alloh uchun xalqqa xizmat qilish niyatim bor. Alloh uchun O‘zbekistonni har bir masalada O‘rta Osiyodagi eng zo‘r davlat qilish niyatim bor.

To‘g‘ri, menga qismat qilib, prezident bo‘lish nasib qilib, prezident bo‘lgan davrimda bu ishlarni qilishga ulgurmasman, buni Alloh biladi. Chunki, baraka beruvchi Alloh. Shuning uchun, men aytmoqchimanki, prezident bo‘lish — bu baxt emas, prezident bo‘lish —boy badavlat bo‘lish emas. Prezident bu kolxoz raisi emas, davlatning raisi. Boshqaruvchi odam. Boshqaruvchi odamning vazifasi hamma narsani to‘g‘ri, qonuniy, erkinlik bilan boshqarish kerak bo‘ladi. Insonlar erkinligini hurmat qila oladigan, o‘zining qonunlari, davlati Konstitutsiyasini tan oladigan. Bu narsalarning javobgarligini tasavvur qila olmaysizlar! Prezident bo‘lish — yo‘llarni yopib qo‘yib, ishga borib kelish emas.

Men birovni haqorat qilmoqchi emasman. Butun dunyo prezidentlari shunaqa, luks uylarda yashaydi, luks mashinalarda yuradi. Mayli, balki bu standartdir. Men bu narsa tarafdori ham emasman, mening o‘z uyim bor. Men Alloh uchun xalqqa xizmat qilish niyatim bor. Nimaga, chunki ko‘ryapmiz, ba’zi joylarda odamlarimiz rosa qiynalib yashayapti. To‘g‘ri, balki men ham prezident bo‘lsam, bu narsalarga ulgurib, hammaning hayotini yaxshi qila olmasman, buni Alloh biladi. Lekin mening niyatim shu!», — deydi Jahongir Otajonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Otajonov saylovda qatnashish istagi uchun uni qoralaganlarga murojaat qildi