07:58 / 16.03.2021
2 272

Toshkentdagi bozor va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi

Toshkentdagi bozor va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi
Poytaxt bozorlari va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Ushbu vazifa 15 mart kuni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining maxsus yig‘ilishi paytida belgilandi.

Xususan, poytaxtning barcha bozorlari va savdo markazlarining kirish qismida ushbu ob’ektlar ma’muriyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholining tibbiy niqobda bo‘lishini nazorat qiladi.

Hududga kiradiganlarning harorati doimo infraqizil termometrlar bilan o‘lchanadi va ularning qo‘llari antiseptiklar bilan dezinfeksiya qilinadi.

Bundan tashqari, mas’ul idoralar xodimlari bilan birgalikda bozorlar va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi, sotuvchilar tibbiy niqoblar va qo‘lqoplarda savdoni amalga oshirishlari ham nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz 14 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 111 ta yangi holat aniqlangani, bu 2020 yil 24 dekabrdan (112 ta holat) beri kuzatilgan eng yomon antirekord ekani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu 111 ta holatning 93 tasi Toshkent shahrida aniqlangan. Umuman olganda, Toshkentda so‘nggi bir hafta ichida kasallanish holatlari soni keskin oshgan. Shu munosabat bilan shaharda karantin talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilindi.

Toshkentda koronavirusga chalinish holatlari asosan o‘quvchilar, talabalar va tashkilot xodimlari orasida ko‘paygani aytildi. Jumladan, Toshkentdagi 77 ta maktabda o‘quvchilar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Toshkentdagi 117-sonli bog‘cha esa ikki nafar tarbiyachi va bolalarda koronavirus aniqlangani bois vaqtincha yopildi.

Shu bilan birga, Toshkentda yil boshidan beri koronavirusga chalinganlarning salkam 40 foizi uy bekalari ekani ma’lum bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentdagi bozor va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi