12:30 / 16.03.2021
3 176

«Bu sotqinlik, ‘kozyol’lik-ku, deb men ham aytaman» - Rasul Kusherbayev

«Bu sotqinlik, ‘kozyol’lik-ku, deb men ham aytaman» - Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev tadbirkorlar tomonidan foto va videofiksatsiya vositalarining o‘rnatilishi, ko‘chalarda fuqarolarning qoidabuzarliklarni shaxsiy telefonlariga surat olib yuborilishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi, deb yozadi «Gazeta.uz».

Kusherbayev shaxsiy munosabatini nafaqat deputat sifatida, balki barcha qatori haydovchi pozitsiyasidan bildirayotganini aytgan.

«Tadbirkorlarning radar qo‘yishi haqida gapiradigan bo‘lsam, omadini bersin, qo‘yaverishsin. Men ham deputat sifatida ‘ha bu tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, u yoq, bu yoq’, deb fikrlarga qo‘shilishim mumkin. Lekin oddiy fuqaro, haydovchi sifatida aytadigan bo‘lsam, bu odamlarning psixologiyasiga juda yomon ta’sir qilyapti. Biz yetarli infrastruktura yaratmay turib hamma joyga radar qo‘ydik, yana telefonda suratga olib, jo‘natvorsa pul beradi deb… Qo‘pol qilib aytganda ‘kozyol’lar jamiyatiga o‘xshab ketyapti», — deydi u.

Deputat «men ham oddiy insonman. Bu «sotqinlik, ‘kozyol’lik-ku, deb men ham aytaman», — deya so‘zida davom etgan.

«Avvalo, sen kimgadir shuni qo‘llayotgan bo‘lsang, shuning o‘rnida ota-onang yoki o‘zing bo‘lishingni tasavvur qil, o‘zingdan o‘tkazgin. Agar o‘zingda og‘rimasa, shuni qil, degan bo‘lar edim. Balki, bu insonlar uchun sinovdir. Lekin men shuni bildimki, o‘zining foydasi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan odamlar ko‘p ekan. Ularga 10-15 ming so‘m beryaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon. Vaqti kelib bu to‘xtar. Agar mening qo‘limda bo‘lganida to‘xtatgan bo‘lar edim», — deya ta’kidlagan Kusherbayev.

Quyi palata deputati joriy qilinayotgan tartiblar biror qonun bilan belgilab berilmaganini, balki hukumat yoki vazirlar va idoralar qarorlari, qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlanayotganini qo‘shimcha qilgan.

U, shuningdek, buning oqibati qanday bo‘lishiga e’tibor qaratgan.

«Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazyapti. Yana bir marta aytaman, bu yaxshimas aslida. Lekin profilaktika uchun deb kimlardir aytayotgandir, to‘g‘risini aytsam, men bunga qo‘shilmagan bo‘lar edim. Bu qanday tarbiya? Sotqinlarni yetishtirib chiqarayotganga o‘xshab qolayapti-da. Bu ertaga nima oqibatlarga olib kelishi mumkin? Ya’niki, shundan qaytmagan odam, ertaga bundan ham og‘irroq narsani taklif qilsangiz ‘pul uchun tap tortmaydigan odamlarni’ yaratib qo‘ymayapmizmi, degan joyi ham bor. Biroq ikkinchi tomoni yo‘llarda tartib bo‘lishiga sharoit yaratib beradi», — degan Rasul Kusherbayev.

Deputat tanganing ikkinchi tomonini ham inobatga olish lozimligini qayd etgan.

«Lekin ‘parkovka’ masalasi, yo‘llarning ahvoli — ta’mirtalabligi, ba’zan majbur bo‘lib qoidani buzib qo‘yadi. Hamma sharoit qilib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shanda ham odamlar ochiqchasiga [qoida] buzayotgan bo‘lsa, bu haddidan oshibdi, mana shu yerga qilish kerak, ya’ni boshqalar ham rasmga olib jo‘nataversin, der edim. Lekin haligacha infratuzilmaning o‘z yaxshi qilib berilmagan-ku. Ba’zi joylarda, bozorlar va yirik savdo majmualari atrofida ‘parkovka’ning o‘zi yo‘q. Markazda ishxonalar joylashgan joyga boring, aylanib yuraverasiz qayerga qo‘yishni bilmay. Kasalxonalarni oldida sharoit yo‘q. Majbur bo‘lasiz qoidani buzib qo‘yishga», — deydi Kusherbayev.

Mazkur video avvalroq e’lon qilinib, ayrim sabablarga ko‘ra o‘chirib tashlangan edi. Deputat ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab qayta joylaganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil dekabr oyida «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, 1 martdan boshlab tadbirkorlarga yo‘l harakati buzilganini qayd etuvchi kamera va radarlar o‘rnatish huquqi beriladi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bu sotqinlik, ‘kozyol’lik-ku, deb men ham aytaman» - Rasul Kusherbayev