00:04 / 28.03.2021
815

Rishtonlik oteler Said Ahmedov: pandemiya yangi imkoniyatlarni taqdim etdi

Rishtonlik oteler Said Ahmedov: pandemiya yangi imkoniyatlarni taqdim etdi
O‘tgan yili koronavirus infeksiyasi avj olib, so‘ng butun dunyoda pandemiya e’lon qilingach, mehmon-uylar ham turizm sohasi qatorida “shok” holatini boshdan kechirdi.

Chet ellik sayyohlar oqimi shiddat bilan qisqardi, mamlakatning boshqa regionlaridan keluvchi mehmonlar soni ham keskin kamaydi. Mana shunday sharoitda mehmon-uylari qay tarzda “yashab qolgani” haqida Sputnik muxbiriga “Said “S” ceramics” mehmon uyi egasi, rishtonlik kulol – Said Ahmedov so‘zlab berdi.

“Said “S” ceramics” mehmon uyi - Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tashkil etilgan birinchi mehmon-uylaridan biri sanaladi, "Farg‘ona-Qo‘qon" markaziy trassasidan 25 kilometr masofada joylashgan.

Butun dunyoga kulolchiligi bilan mashhur Rishton markazigacha bu yerdan 600 metr yurasiz. Avvaliga 5 xonadan iborat bo‘lgan mo‘’jazgina uy-otel, bugunga kelib 36 o‘rinli kichik mehmonxona ko‘rinishini olgan.

Said Ahmedovning aytishicha, bundan hatto 4-5 yil avval butun dunyoga kulolchiligi bilan mashhur Rishton tumaniga chet ellik sayyohlar ko‘pi bilan nari borsa yarim soatgagina - ya’ni “birrov”ga kirib ketishgan.

Oilaviy korxona – mehmon-uyini ochgach vaziyatni o‘zgartirishni istadim. Avvaliga turfirma ochdim. Samarqand, Toshkent shahridagi sayyohlik firmalari bilan turistlarni Rishtonga yuborish bo‘yicha shartnomalar imzoladim. Gid, transport masalalarini hal qildim. Bugun Rishtonga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun o‘ziga xos dastur ham tuzganmiz. Ularga bugun Rishtonni butun dunyoga mashhur qilgan kulolchiligi asosi - noyob loyini qazib olish va kulolchilik sirlarini o‘rgatishdan tortib, o‘zbek milliy oshxonasi sirlari, xususan, xolva tayyorlash, non pishirish, turli taomlar tayyorlash bo‘yicha master-klasslar o‘tiladi”, - deya hikoya qiladi pandemiya davrigacha bo‘lgan turistik mavsumni esga olar ekan Said Ahmedov.

Mehmon uyiga egalik qilish bilan birga Said Ahmedov kulolchilik bilan shug‘ullanib keladi. Shu hunari unga koronavirus pandemiyasi o‘zi bilan olib kelgan inqirozdan qutqardi deyish mumkin.

Sababi, butun dunyo singari O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmagan koronavirus pandemiyasi endigina rivojlanayotgan mehmon-uyi egasi rejalarini kutilmaganda o‘zgartirib yuborgan edi.

Pandemiyada qiyinchilik bo‘lmadi, deyolmaymiz. Bor pulimizni shu biznesga sarflab, ancha qiynalib qoldik. O‘tgan yil boshida mavsumdan umidlarimiz katta edi-da. Turistlar oqimi to‘xtagach, sekin-asta kulolchilik mahsulotlarimizga boshqa davlatlardan xaridor izlay boshladik. Hozirgi kunda mahsulotlarimizni Rossiya, Ukraina, Polshaga eksport qilyapmiz”, - deydi Ahmedov.

Suhbatdosh pandemiya barham topishi bilan Rishtonda turizm qayta jonlanishiga, Farg‘ona vodiysiga yana chet ellik sayyohlar tashrif buyurishlariga shubha qilmaydi. Hozircha esa, bir yillik tanaffusdan so‘ng, yaxshi niyat bilan turistlarni kutib olishga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Rishtonlik oteler Said Ahmedov: pandemiya yangi imkoniyatlarni taqdim etdi