19:08 / 01.04.2021
1 671

O‘zbekistonda aholining ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanishni istamayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda aholining ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanishni istamayotgani ma’lum bo‘ldi
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
«Yuksalish» umummilliy harakati emlash tadbirlari haqida internet foydalanuvchilarining kayfiyati va fikrlarini bilish maqsadida o‘tkazilgan (29—31 mart) onlayn-so‘rov natijalarini ma’lum qildi. Uch kun davomida deyarli barcha viloyatlardan 19 mingdan ziyod ishtirokchilar ovoz bergan.

Qayd etilishicha, onlayn so‘rovda respondentlarning 44 foizi (8599 ovoz) «Emlanmayman» variantini tanlagan. So‘rov ishtirokchilarining uchdan bir qismi — 34 foizi (6641) Rossiyaning «Sputnik V», 8 foizi (1516) Xitoy–O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 va 7 foizi (1351) AQSH–Germaniya ishlab chiqargan Pfizer/BioNTech vaksinalariga ovoz bergan. Respondentlarning 5 foizi (959) AstraZeneca (Buyuk Britaniya), 2 foizi (327) Moderna (AQSH) vaksinalarini tanlagan.

«Albatta, bu ma’lumotlarni to‘liq sotsiologik kesim sifatida hisoblash noo‘rin, ammo shunga qaramay, o‘zbekistonliklarning ma’lum bir qismi emlanishni rad etadi, deyish mumkin», — deyiladi xabarda.

Foto: «Yuksalish» umummilliy harakati
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, emlanishdan bosh tortish — har doim ham qo‘rquv yoki ishonchsizlik bilan bog‘liq emas. Asosiy sabablardan biri odamlarning COVID-19’ga qayta chalinayotganidir. Kasal bo‘lmaganlarning bir qismi boshqa vaksinani kutmoqda, boshqa qismi esa ularda yoki qarindoshlarida emlanish qanday o‘tishidan xavotirda. Ba’zilar nojo‘ya ta’sirlardan qo‘rqadi. Qo‘rquv vaksina sifatiga ishonchsizlikni ham keltirib chiqaradi.

Yana boshqa omillardan biri aholining sog‘liqni saqlash tizimidan to‘la qoniqmasligidir. Odamlar ortiqcha byurokratiyaga, katta navbatlarga duch kelishdan qo‘rqadi, vaksina asoratlari bo‘lgan taqdirda ularga malakali tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga shubha bilan qaraydi, samarasiz tashkil etilgan emlash jarayoni ularning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirlanadi.

«Yuksalish» holat bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surgan:
  • respublika aholisining vaksinaga bo‘lgan ehtiyojlari va ularning afzalliklarini o‘rganish uchun to‘liq sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish;
  • emlashni amalga oshiradigan mutaxassislarni o‘qitish, emlanishga xayrixoh bo‘lmagan yoki ruhan tayyor bo‘lmagan auditoriya bilan ishlash bo‘yicha treninglar tashkil etish;
  • bemorlarga axborot yetkazishda norasmiy yondashish, xabarlarni tushunarli tarzda yetkazish;
  • sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan to‘laqonli va ishonchli ma’lumotlarni, aytaylik, «COVID-19 vaksinalari haqida haqiqat» rukni ostida o‘z manbalarida (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda) taqdim etish;
  • vaksinalar haqidagi afsonalarni yo‘qqa chiqarish;
  • taniqli davlat va jamoat arboblarining emlanish jarayonini namoyish etish, faol fuqarolarning fikrlarini berib borish.

Bundan tashqari, «Yuksalish» umummilliy harakati quyidagilarga tayyor:
  • emlashni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan davlat tuzilmalari, milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda «jamoat eshituvlari»ni tashkil etish;
  • ushbu yo‘nalishda volontyorlarni tayyorlashga ko‘maklashish (Volontyorlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda);
  • emlash bo‘yicha turkum chiqishlar qilish, xususan, ekspertlar xulosalarini berib borish, infografikalar tayyorlash.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 2021 yil 1 apreldan boshlandi. Emlash tadbirlari aprel oyida viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlanadi, may oyida tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi, iyun oyida esa boshqa aholi qatlami emlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda aholining ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanishni istamayotgani ma’lum bo‘ldi