00:07 / 02.05.2021
4 633

Sardoba toshqinida qabristondagi o‘g‘illarini qutqaraman deb suvda oqib ketgan Muhammadali hikoyasi


Muhammadali Suyunov.
Foto: «Daryo» / Shahboz Ozodov

Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa qishlog‘i — bir yil avval yorilib, minglab odamlar tinchini buzgan suv omborga eng yaqin aholi punkti. Gulistonda tug‘ilgan, ota-bobosi asli zominlik Muhammadali Suyunov ham 40 yildan beri shu qishloqda yashaydi. Qishloqqa ham imomlik qilgan, ham qabristoniga qaragan marhum hoji otasining ishini davom ettirib, qishloq qabristonida nazoratchilik qiladi.

Toshqin yuz bergan tongda Muhammadali akaning ikki o‘g‘li qabristonda (ular u yerda haftalab qolib, ham otasining ishlariga qarashar, ham qo‘y-qo‘zi boqishdek ishlar qilardi), o‘zi esa ayoli bilan uyda bo‘lgan. «Ertalab soat 4:30—5:00 larda telefon qilishdi, ‘ota, mahalla, sovxozimiz tinchmi, biz tomon qabristonga suv kelyapti’, deyishdi», — deb eslaydi u. Har qanday ota kabi u ham o‘sha vaqt farzandlarini yo‘qotishdan qo‘rqqan.

Telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng tashqariga chiqsa, qandaydir yoqimsiz, guvullagan ovoz. Ko‘chada suv omborida ishlaydigan bir tanishini ko‘rgan. «U ‘suv to‘g‘onni urib ketdi, ikkala bolangiz qabristonda qolib ketdi’, degan paytda birinchi marta o‘lib tirildim», — dedi Muhammadali aka. Ota shu zahoti uyidan 6 kilometr masofada joylashgan qabristonga velosipedda borishga uringan, biroq qabristonga 2 kilometr qolganida suv uning yo‘lini to‘sgan. Nima qilarini bilmay, o‘g‘illariga telefon qilgan.

«Ikkisining ham telefoni o‘chiq chiqdi. O‘sha payt ‘bolalarim ketdi’ deb, ikkinchi marta o‘lib-tirildim», — deydi u. Sal o‘ziga kelib, ortga, uyga qaytarkan, bir kilometr ham yurmasidan yo‘lni, taxminan, 100 metr enlikdagi to‘lqin to‘sib borayotganini ko‘rgan, suvdan o‘taman deganida esa ustidan yana bir to‘lqin kelib urib, uni oqizib yuborgan.

«Suv oqizib ketayotganida otam ko‘z oldimga keldi. ‘Muhammadali, harakat qil» dedi. Otamning ruhi bilan 1,5—2 kilometrcha, taxminan, 20 daqiqalar suzdim, ikki marta suv yutdim. Juda charchadim, holim qolmadi», — deb hikoya qilib berarkan, bu og‘ir xotiralar Muhammadali akaga aziyat berayotgani yuzidan bilinardi... U bir amallab quruqlikka chiqib olgach, yana o‘g‘illariga telefon qilgan, biroq suvga bo‘kkan telefon ishlamagan.

Tushlikdan keyin suv tortila boshlagan. «Kiyimlarimni quritish uchun yoyib qo‘ygandim. Suv qayta boshlagach, kiyimlarimni hammasini yig‘ib, yelkamga bog‘lab, cho‘p sindirib oldim-da — belimgacha loy, ba’zi joylarda suv oqyapti — 17-18 ta o‘pirilgan joydan o‘tib, soat, taxminan, 16:30—17:00 larda asfalt yo‘lga chiqib oldim», — deydi Muhammadali aka. Shu yerda uni vertolyotchilar ko‘rib qolib, qutqargan.

Muhammadali aka vertolyotga chiqishi bilan o‘tinib so‘ragan: «Qabristonga uchinglar, ikki o‘g‘lim o‘sha yerda qolib ketdi!..». Qabriston ustida aylanishgan, ammo u yerda hech kim bo‘lmagan. Balki suv omborining shtabidadir, degan umid ham oqlanmagan — u yerda ham biror jon yo‘q, hammayoq suv. O‘g‘illar Uchtomdagi mahalladan ham topilmagan. «Kun bo‘yi besh marta o‘lib-tirildim, tamom bo‘ldim o‘shanda», — deya, ota bu voqealarni qayta boshdan kechirayotgandek g‘amga botadi.

O‘g‘illar qayg‘usi — alohida hikoya; toshqin ostonasidagi uyda ularning onasi — Muhammadali akaning rafiqasi qolib ketgandi. «Mahallamiz ‘uchastkavoy’i Damas’da kelib, ayolimni olib chiqib ketibdi. Shu bilan ayolim kechgacha evakuatsiyada, meni Gulistondagi harbiy qismda, ikkala o‘g‘lim ham Gulistondagi boshqa joyda evakuatsiyada qolgan. Oilamiz parokanda bo‘lib, tarqalib ketdi. Aloqa yo‘q, kim qayerda, o‘likmi, tirikmi, bilmaymiz», — suvdan omon chiqsa-da, quvonadigan joyi bo‘lmaganini eslaydi u.

Muhammadali aka uyi sementdan qurilgani uchun butunlay qulamagan bo‘lsa ham, belgacha keladigan loyni tozalash uchun harbiylar, Milliy gvardiya yigitlari haftalab mehnat qilganini takror-takror aytadi, minnatdorligini bildiradi. Oila boshlig‘i oqib ketgan narsalarga achinmasligini aytib, oilasi sog‘-omon, butun qolganiga shukronalar keltiradi.

Ayni vaqtda, bu falokat uning sog‘lig‘iga ta’sir qilgani ham bor gap. «Sovuq suvda 1,5—2 kilometr suzishning o‘zi emas, sovuq o‘tib ketdi. O‘zi ‘grija’m bor edi. Ko‘pchilik qatori meni ham sanatoriyga bepul yuborishdi, davolanib keldik, Prezidentimizga rahmat. Uyga kelib ham ancha davolandim. Keyin Gulistondagi shifoxonada davolanib keldim. Hozir asablarim, ruhiyatim ham yaxshi, o‘zimni tutib yuraman, o‘zimga kelganman», — deydi Muhammadali aka.

Sardoba toshqini bu xonadondagi rejalashtirilgan ezgu ishlarning bir qismini biroz ortga surdi. Muhammadali aka 2020 yili Xotira kunini o‘tkazib, ikki o‘g‘liga qo‘sh kelin tushirmoqchi bo‘lgan. Loydan qurilgan qo‘shimcha uyini suv oqizib ketgani uchun hozircha faqat katta o‘g‘liga to‘y qildi, yaqindagina. Xonadonda «Yor-yor»lar yangradi, o‘tgan yildan qolgan og‘riqlar haminqadar arigandek bo‘ldi.
Xayrlasharkanmiz, Muhammadali aka duoga qo‘l ochdi: «Ilohim, yurtimizni o‘t balosi, suv balosidan asrasin, faqat yaxshiliklar bo‘lsin!»

Mualliflar: Mustahkam Tangriyorova, Musulmonbek Ibrohimov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sardoba toshqinida qabristondagi o‘g‘illarini qutqaraman deb suvda oqib ketgan Muhammadali hikoyasi