09:49 / 11.05.2021
3 628

Sut sog‘uvchi opaning qarg‘ishi


V. I. Lenin nomidagi Xalqlar do‘stligi saroyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlarining qurultoyi bo‘lyapti. Prezidiumda Moskovdan kelgan KPSS MKning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibi va Sh. Rashidov va hukumat a’zolari o‘tirishibdi.

Bir payt ilg‘or sut sog‘uvchi opaga so‘z berishdi. Opa minbarga chiqib,  “Assalomu alaykum...” deyishi bilan 4 yarim ming kishilik zal jimib qoldi. Shunaqa sukunat cho‘kdiki, pashsha uchsa eshitiladi. So‘ng birdan go‘yo bomba portlaganday norozilik hayqiriqlari, polni tepishlar, hushtaklar ovozidan zal larzaga keldi. Haligi opa, nimayam bo‘lib, o‘zbek tilida gapirib qo‘ydi-da!

U paytlarda bu mutlaqo mumkin emas edi. Hatto O‘ZBЕK tilida yozadigan, O‘ZBЕK yozuvchilarining to‘rtta odam qatnashadigan yig‘ilishlari ham begona tilda olib borilar edi.

Boyagi sut sog‘uvchi opa Rashidov tomon qaradi. U esa yerga qaradi. Shu payt Sharof otaning xayolidan nimalar o‘tdi, buni uning o‘zi-yu, yolg‘iz xudo biladi. Opa Sharof otadan umidini uzib, yig‘laganicha minbardan tushib ketdi. Ertasi kuni shu ko‘rsatuv takroran namoyish qilindi – ammo unda bu sahna qirqib tashlangan edi...

Men bir narsaga hayron bo‘laman: zaldagi hushtak chalib, polni tepkilaganlar – o‘zimizning qorako‘zlar – dehqon, chorvador, mirishkorlar. O‘lsin agar, ularning birontasi rus tilida “tvaya-maya” qilib bo‘lsayam uch bahoga ham gapira olishsa!  Bir g‘azabim qo‘ziydi, bir rahmim keladi.

Bugun “O‘zbek tili haqida Qonun”ning yangi tahrirdagi loyihasini qabul qilmaganlar o‘shalarning farzandlari bo‘lsa ne ajab! Yo minbardan yig‘lab tushib ketayotgan opaxonimiz “Bolangdan qaytsin” deb qarg‘aganmikan?..

Sharof Boshbekov

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sut sog‘uvchi opaning qarg‘ishi