09:00 / 19.05.2021
1 961

Toshkent viloyatida ikki ayolni Turkiyaga fohishalik qilish uchun jo‘natayotgan shaxs ushlandi


Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati
Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi va Bo‘ka tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan navbatdagi odam savdosi bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 13 may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bo‘ka shahrida yashovchi er-xotin — 1989 yilda tug‘ilgan Z. va 1995 yilda tug‘ilgan K. (to‘rt nafar farzandi bor, ism-shariflar o‘zgartirilgan) ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyatida yashovchi moddiy jihatdan qiynalgan ayollarga, xususan, 1999 yilda tug‘ilgan M. va 1994 yilda tug‘ilgan M.ga Turkiyada mo‘may daromad to‘lanadigan ish topib berishini, yordam sifatida yo‘l xarajatlarini o‘z hisobidan qoplab berishlarini va’da qiladi.

Dastlabki surishtiruvlar davomida ularning maqsadi ayollarni Turkiya davlatiga fohishalik uchun yuborish ekanligi, Z.ning turmush o‘rtog‘i K. 2021 yil aprel oyida eri bilan oldindan kelishgan holda Turkiya davlatiga jo‘nab ketganligi va turmush o‘rtog‘i olib borishi kerak bo‘lgan ayollarni kutib olishi rejalashtirilgani aniqlandi.

Z. ayollarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Toshkent—Istanbul aviareysi orqali Turkiyaga olib ketayotgan vaqtida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat