10:57 / 20.05.2021
3 542

Siz xalqdan kechirim so‘rang


Kecha ijtimoiy tarmoqlarda ajoyib bir xabar tarqaldi. Unga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga quruvchilar bilan uchrashib, ulardan kechirim so‘rabdi. Bosh vazirning uzr so‘rashiga sabab Yaponiyadagi qurilish maydonchalarida ishlatilgan asbest (tolali tuzilishga ega oltita tabiiy mineral va kristallar guruhining tijoriy nomi) bilan aloqa qilish oqibatida bir guruh ishchilar zarar ko‘rgan.

Shuning uchun bosh vazir ishchilar va ularning oilalari bilan uchrashib, ulardan Yaponiya hukumati nomidan kechirim so‘ragan. To‘g‘ri bu uzr so‘rash bilan yetkazilgan jarohatlar tuzalib qolmaydi, lekin ko‘ngilga yoqadi. Men o‘ylab qoldim bizda ko‘plab binolar hali bitmasidan turib qulab tushdi, metro qurilishida talafotlar kuzatildi va bir nechta odam halok bo‘ldi, Sardoba fojiasida qanchadan-qancha insonlar boshpanasiz qolib xotirjamligi yo‘qoldi,Yo‘llarimizning sifatsizligi sababli har kuni yo‘l transport hodisalari bo‘ladi, metroda kun ora nosozliklar kuzatilishi sabab aholi manziliga vaqtida yetib bora olmaydi.

Lekin biror bir vazir yoki shu qurilishlar bo‘yicha ma’sul bo‘lgan bosh muhandislar chiqib xalqdan uzr so‘raganini eshitmadim. Balki uzr so‘ragandir biz bilmagan va eshitmagan joylarda. Bizda rahbar odam uzr so‘rasa mansabi pasayib qoladigandek ish tutishadi. Hamma ayb ochiq-oydin mansabdorda bo‘lsa ham jim og‘ziga talqon solib turaveradi. Qachonki bu nohaqliklarga Prezident aralashmaguncha ular pinagini buzmaydi.

Bundan bir qancha vaqt avvalroq Yaponiya bosh vaziri o‘g‘lining vazirlik xodimlari bilan kechki ovqatda qatnashgani uchun kechirim so‘ragandi. Bizda butun bir shaharni boshiga ko‘tarib aholi gavjum bo‘lgan katta yo‘lda otasini puliga kelgan (balki xalqni puligadir) mashinani yuqori tezlikda haydab, poyga o‘ynab oddiy xalqni oromini buzgan hokim o‘zidan bilib bir og‘iz uzr so‘ramadi. Kechagina Toshkent shahar hokim o‘rinbosari mansabidan foydalanib mahalla raisiga qo‘l ko‘targan. Go‘yo unga hamma ishga ruxsat berilgandek. Hatto xodimlarni kaltaklashga, haqoratlashlarga ham jazm etishadi.

Bundan bir oz muddat oldin onlayn dars o‘tish jarayonida o‘qituvchi sho‘xlik qilayotgan farzandlariga haqoratli so‘zlar aytgani uchun uzr so‘rab chiqqandi. Bizda faqat oddiy xalqqa yaqinroq soha vakillari xalq ichida bosh ko‘tarib yurishdan uyalib uzr so‘raydi. Lekin xalqni miliardlab pulini o‘zlashtirib ketgan mansabdorlar hamon jim. Men bu gaplarim bilan uzr so‘rasin demayman. Har kim uzr so‘rashgacha olib boradigan ish qilmasin deyman, xolos. Balki bu dunyoda qilmishlarimizni yashirarmiz, lekin oxiratdachi? Allohning oldida qanday javob beramiz?
 
Nurbek G‘ofurov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Siz xalqdan kechirim so‘rang