12:00 / 27.05.2021
2 978

Murodboy va uning sheriklari sudda bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilgan — Oliy sud


Kadr: Telegram
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida «Murodboy ishi» doirasi sudga chaqirilgan fuqarolar qo‘llarini lezviya bilan kesib, turli noo‘rin talablarni qo‘ygan holda IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayblanuvchilar sudda bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilgan.

Dastlabki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a», «v» bandlari bilan ayblanuvchi M.Yunusaliyev rahbarligidagi uyushgan guruh a’zolari G‘.Murodjonov, E.Sharipov, S.Yulchiyev, A.Qudratov, M.Daliyev, A.Rasulov, D.Raimbekov, D.Bazarbayev, S.Qurbonov, S.Po‘latov, E.Abdisalamov, E.Usmonov 2016 yil 1 yanvardan 2016 yil 16 iyungacha davom etgan jinoiy faoliyatlari mobaynida fuqarolardan naqd pul, avtomashina va ko‘chmas mulklarni qabul qilib olgan.

Ular ushbu pul mablag‘lari va ko‘chmas mulklarni 10-12 oy ichida 2-2,5 barobar miqdorida ko‘paytirib berishni va’da qilgan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni qiziqtirib, jami 682 ta holatda 516 nafar jabrlanuvchining 2,3 million dollar va 1,4 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishda ayblangan.

Mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudiga 2021 yil 22 fevral kuni kelib tushib, uni sud majlisida ko‘rish 2021 yil 11 mart kuniga tayinlangan.

Raislik qiluvchi sudya F.Ishanxo‘jayev tomonidan 11 mart kunidan bugungi kunga qadar o‘tkazilgan sud majlislarida jinoyat ishi bo‘yicha 430 nafardan ortiq jabrlanuvchi, 7 nafar guvoh va 8 nafar sudlanuvchi so‘roq qilingan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov, S.Yulchiyev, A.Qudratov va E.Sharipov ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.

Murakkab va ko‘p epizodli bo‘lgan mazkur jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati 2021 yil 10 may kuni Toshkent viloyati sudi raisi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksi 405-moddasining 4-qismiga asosan to‘rt oyga, ya’ni 2021 yil 12 iyulga qadar uzaytirilgan.

25 may kuni sudya F.Ishanxo‘jayevning raisligida o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisi jarayonida, taxminan soat 16:00 larda qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov, S.Yulchiyev, A.Qudratov va E.Sharipov raislik qiluvchi tomonidan himoyachi D.Asqarovning iltimosnomasi rad qilinganini vaj qilib, uyushgan holatda tartibsizlik sodir etgan.

Sudlanuvchilar M.Yunusaliyev, S.Yulchiyev va A.Qudratov o‘zlarining yonlarida bo‘lgan piska (lezviya) bo‘lagi bilan qo‘llarini tilib, o‘zlarini qamoqdan ozod qilishni yoki aslida ularga tegishli bo‘lib, «Ahmadboy»ning ishi bo‘yicha musodara qilingan 6,5 million dollarni qaytarishni hamda sud majlisida bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga Toshkent viloyati prokurori, viloyat IIBB boshlig‘i, Yangiyo‘l shahar prokurori, DXX bo‘limi, IIB boshlig‘i va Milliy gvardiya xodimlari yetib kelgan.

Sudlanuvchilar bilan hamkorlikda olib borilgan suhbat va tushuntirish ishlari natijasida, jismoniy kuch ishlatmagan holda ularni tinchlantirish va 1-sonli tergov hibsxonasiga etap qilishga erishilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda bayon qilingan 3 kilogramm oltin va katta miqdordagi pul mablag‘lari hamda qimmatbaho avtomashinalar muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 2020 yil 27 avgustdagi hukmi bilan sudlangan aynan shu sudlanuvchilarga oid jinoyat ishida ham, ayni vaqtda ko‘rilayotgan 1-1119-2001/25-sonli jinoyat ishida ham ashyoviy dalil tariqasida e’tirof etilmagan va ishga qo‘shilmagan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ashyolar boshqa jinoyat ishiga, ya’ni «Ahmadboy» (A.Tursunboyev) ishiga taalluqli. Toshkent viloyat sudining 2019 yil 20 maydagi hukmiga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati Moliya-iqtisod boshqarmasiga topshirilgan 13,1 milliard so‘mdan ortiq pul, 12 million dollar va 140 yevro, Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga topshirilgan umumiy vazni 2,8 kilogrammdan ortiqni tashkil etuvchi 545,8 million so‘mga baholangan 16 turdagi 45 dona zargarlik buyumlari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berish belgilangan.

Mazkur hukmga nisbatan keltirilgan kassatsiya shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, kassatsiya instansiyasining 2020 yil 9 yanvardagi ajrimiga ko‘ra, hukmning fuqaroviy da’voga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan. M.Yunusaliyev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan navbatdagi sud majlisi 28 may kuniga tayinlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Murodboy va uning sheriklari sudda bosh vazir va bosh prokuror ishtirok etishini talab qilgan — Oliy sud