13:25 / 19.06.2021
900

O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba — Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha aqlli tartibga solish (smart regulation) konsepsiyasiga muvofiq qonun ijodkorligining zamonaviy uslublaridan hisoblangan One in two out, BPR tamoyillari asosida ishlab chiqilmoqda.

Kodeks nima uchun kerak?
Birinchidan, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ular o‘rtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin, zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy, bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining asosli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning ta’kidlashicha, tadbirkor ishlashi, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi kerak.
«U faqat hujjat, katta byurokratiyaning ichida ko‘milib ketsa, ishini kim qiladi? Shuning uchun unga qo‘lida bitta kompakt, tushunarli huquqiy me’yorlar to‘plami zarur. Masalan, Yaponiyada tadbirkorning qo‘lida bittagina Savdo kodeksi bo‘ladi, u faqat shunga ko‘ra o‘z ishini olib boradi», — degan vazir.

Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib, bo‘shliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, «o‘rta biznes» mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).

Qayd etilishicha, tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi.

Kodeks loyihasi sentabr—oktabr oylarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilmoqda