2 561
Buxoroda 2017 yildan buyon qoramol o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan uyushgan guruh qo‘lga olindi

Buxoroda qoramol o‘g‘riligi bilan shug‘ullanib kelgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2021 yilning 16 yanvar kuni Shofirkon tumanidagi G‘alaba cho‘l-massivida joylashgan «G‘alaba» MCHJga tegishli bo‘lgan jami narxi 8 million so‘mga teng sakkiz bosh qo‘y o‘g‘irlangan. Holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB tezkor guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv jarayonida o‘g‘rilik shofirkonlik fuqaro A.Ch. va unga avvaldan tanish bo‘lgan to‘rt nafar sherigi tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
«Qoramol o‘g‘riligi ayrimlar tomonidan bir qarashda kichik o‘g‘rilik, deb baholanadi. Ammo o‘g‘rilikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Birgina ushbu holat tergov-surishtiruvi qariyb, olti oycha davom etdi. Bu davr mobaynida esa A.Ch. va uning sheriklari bilan olib borilgan tergov-surishtiruvlarda ularning to‘rt yildan buyon qoramol o‘g‘riligi bilan shug‘ullanib kelishgani oydinlashdi», — deydi Shuhrat Jalolov.
Bildirilishicha, fuqaro A.Ch. avvaldan odamlarning qoramolini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan. U 2017 yil 17 dekabr kuni kechki payt Shofirkon tumani, «Paxtaobod» MFY, Polvonobod qishlog‘i fuqarosi F.X.ning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uning qo‘rasidan ikki bosh qo‘chqorni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
2020 yilning dekabr oyida esa o‘zining oldindan tanishlari bo‘lgan N.N., Sh.X., A.R. hamda T.I. kabi fuqarolar bilan til biriktirgan holda G‘ijduvon tumani «Ko‘kcha» MFYdagi Oyoqog‘ritma qishlog‘idagi yaylovdan qarovsiz qoldirilgan fuqaro Sh.G.ga tegishli har birining bahosi 1 million so‘mdan bo‘lgan olti bosh echkini o‘g‘irlagan. 29 dekabr kuni uyushgan guruh yana o‘z xatti-harakatini davom ettirib, soat 22:30 da Shofirkon tumanidagi «Qo‘rg‘oni Vardonze» MFY, «Churuqcho‘l» massivi hududida qarovsiz holda qoldirilgan jami bahosi 10 million 800 ming so‘mlik olti bosh qo‘y hamda bir bosh echkini o‘g‘irlab, o‘zlariga tegishli avtoulovga yuklab ketgan va yashirinib yurgan.
Xuddi shunday jinoyatni 2021 yilning yanvar oyida yana takroran sodir etgan. Ular Peshku tumanidagi Jongeldi qishlog‘i fuqarosi R.A.ga tegishli o‘t-yaylovda o‘tlab yurgan, har birining bahosi 2 million 400 ming so‘mdan bo‘lgan ikki bosh qo‘chqor hamda bahosi 1 million 800 ming so‘mdan bo‘lgan to‘rt bosh qo‘yni talon-toroj qilib, fuqaroga 12 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.
A.Ch. va uning sheriklari oxirgi xatti-harakati 2021 yilning 16 yanvar kuni sodir etgan. Qo‘lga olingan uyushgan guruhning barcha xatti-harakatlari tergov-surishtiruv davomida oshkor bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar shaxsga nisbatan Shofirkon tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar