23:04 / 23.08.2021
2 275

Fermerlar manfaati buzilish yuzasidan Adliya vazirligi o‘rganishining dastlabki natijalari

Fermerlar manfaati buzilish yuzasidan Adliya vazirligi o‘rganishining dastlabki natijalari
Mamlakatimizda oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasiga bozor munosabatlarini keng joriy qilish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi
va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy mexanizmlar asosida tashkil etish, shu orqali sohani boshqarishda davlat ishtirokini cheklashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ushbu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Albatta, har qanday islohot amalda ta’minlanishi tez o‘z samarasini beradi. Fermerlar huquqlarini tushuntirish va himoya qilish maqsadida tashkil etilgan “Fermerga madad” aksiyasi doirasida adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring sohada bir qator muammo
va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.

Aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, ta’minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlandi.

Shartnoma – o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi asosiy hujjat
Fermer yerdan foydalanishining huquqiy asosi yer ijara shartnomasida belgilanadi. Monitoringda 565 ta holatda fermerlar bilan yer ijara shartnomasi tuzilmaganligi, 794 ta holatda yer ijara shartnomasining nusxasi fermerlarga berilmaganligi aniqlandi.

Yer ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qo‘l keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan yerni olib qo‘yishi yoki yerdan foydalanish fermerga istalgan qo‘shimcha talabni qo‘yishi mumkin, natijada fermer mas’ullar xatti-harakati yuzasidan sudga shikoyat qilishda muammoga duch keladi.

Fermer mahsulotni sotish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi, faoliyati uchun zarur o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi vositalarini va boshqa mahsulotlarni harid qilish, kredit, mexanizatsiya kabi xizmatlardan foydalanish bo‘yicha 20 dan ortiq korxona, tashkilotlar bilan shartnoma tuzib ishlaydi. Ushbu shartnomalar o‘z vaqtida va taraflar uchun teng shartlarda tuzilsa, munosabatlarda huquqiy aniqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ta’minlanadi.

Lekin o‘rganishlar ko‘pchilik holatlarda tayyorlovchi, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘zlarining monopol mavqeidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, aksiyaning dastlabki 1 oyida o‘tkazilgan o‘rganishlarda tayyorlovchi, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar o‘rtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatlarda kechikib tuzilganligi, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xo‘jaligi bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlangan. Masalan, Shahrisabz tumanida 2021 yilda 137 tonna pilla sotish bo‘yicha tuzilgan 456 ta shartnomalar tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmagan.

Ma’lumki, ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomani istalgancha o‘zgartirish va unga tuzatishlar kiritish mumkin yoki uni davlat organi tomonidan monitoring qilish imkoniyati bo‘lmaydi. Albatta, bunday o‘zgartirishlar fermer foydasiga bo‘lmasligi aniq. Shuningdek, monopol mavqeidan foydalanib fermerlar yetishtirgan mahsulotlar 7 531 ta holatda kontraktatsiya shartnomasi tuzmasdan olib ketilgan.

Masalan, Xatirchi tumanidagi “DYNAMIC ELEKTRONICS” MCHJ klasteri tomonidan “Baxtiyor Ergash bog‘i”, “Xurshid-94”, “Sayyod”, “Davron Farxod muxosibi” kabi 17 ta fermer xo‘jaliklaridan g‘alla xarid shartnomasi tuzilmasdan qabul qilingan.

“Buxoro agroklaster” MCHJ klasteri tomonidan Kogon tumanida 13 ta holatda bo‘sh, to‘ldirilmagan shartnoma imzolatib, ularning bir nusxasi fermerlarga taqdim qilinmasdan, yetishirilgan g‘alla olib ketilgan.

Fermerga o‘z vaqtida haq to‘lanmayapti
Respublika bo‘yicha 24 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklariga 180 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.
Jumladan, fermerlardan paxta to‘qimachilik klasterlari 39 mlrd. so‘m, “Qishloqxo‘jalikkimyo” AJ korxonalari 36 mlrd. so‘m, g‘allachilik klasterlari 34 mlrd. so‘m, don korxonalari 27,6 mlrd. so‘m, neft korxonalari 17 mlrd. so‘m qarzdor.

Misol uchun, “Navoiy agrokimyohimoya” HAJ Karmana tuman filialining 68 ta shartnoma bo‘yicha 196,1 mln so‘mlik, “MMTP” MCHJning 57 ta shartnoma bo‘yicha 271,8 mln so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi yuzaga kelgan.

G‘allachilik klasterlarining Toshkent viloyatidagi 859 ta fermer xo‘jaliklariga 12 mlrd. so‘m, Muborak tumanida 4,2 mlrd. so‘m, Angor tumanida 3,9 mlrd. so‘m, Kasbi tumanida 3,7 mlrd. so‘mlik yetkazib berilgan g‘alla pullari to‘lab berilmagan.

Jarayonlarga fermerlar munosabati
Shartnomaviy munosabatlarda erkinlik va tenglikka rioya etilish yuzasidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etgan 10 mingdan ortiq fermerlarning 70 foizi aksariyat shartnomalar to‘ldirilmagan (bo‘sh) holatda ulardan imzolatib olinishini, 5 foizi esa umuman shartnoma tuzilmasligini ma’lum qilgan.

Eng achinarlisi, so‘rovda ishtirok etgan 40 foizdan ortiq fermerlar shartnomadan ortiqcha g‘allani topshirishga majbur qilinganini bildirishgan.

So‘rovda ishtirok etgan fermerlarning 36,4 foizi turli yig‘ilishlar va topshiriqlarning ko‘pligi, 32,6 foizi kontragentlar bilan mustaqil shartnoma tuzish imkoni yo‘qligi, 19,6 foizi agrotexnika tadbirlariga aralashish, 11,4 foizi tekshirishlar ko‘pligi ular foliyatidagi asosiy to‘siq ekanligini bildirishgan.

Fermerlar manfaati himoyasida
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan, fermer xo‘jaliklarining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlandi. Jumladan, mazkur Aksiya doirasida jami 709 ta ta’sir chorasi qo‘llangan bo‘lib, shundan 115 ta ogohnoma, 222 ta taqdimnoma, 3,9 mlrd. so‘mlik 388 ta da’vo arizasi, 2 ta ma’muriy taklif, 1 ta jinoiy taklif kiritildi.

Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida bugungi kunga qadar 13 ta shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan hamda 207 ta da’vo arizalari sud tomonidan qanoatlantirilib, 321 mln. so‘m miqdordagi pul summalari fermer xo‘jaliklariga undirib berilishi ta’minlanib, qolgan ta’sir choralarning ijro etilishi nazoratga olingan.

Sohani takomillashtirishga doir takliflar
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan quyidagilar taklif etiladi:
1. Qishloq xo‘jaligi sohasida qabul qilingan qarorlarda ko‘zda tutilgan bozor mexanizmlarini jadal amalga kiritish va ma’muriy yo‘llar bilan fermerlar faoliyatini, ayniqsa mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tartibga solishni keskin kamaytirish.
2. Qishloq xo‘jaligi sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati erkinligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazish va shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin kuchga kirishni bekor qilish.
3. Davlat boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan majburiy bo‘lgan namunaviy kontraktatsiya shartnomasidan voz kechish va hozirgi bozor munosabatlaridan kelib chiqib tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan namunaviy shartnoma loyihasini ishlab chiqish.
4. Tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, shu jumladan klasterlar tomonidan fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarga o‘zboshimchalik bilan bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritishni oldini olish maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida tuzilgan barcha shartnomalarning Internet tarmog‘ida onlayn ma’lumotlar bankini yaratish.
5. Qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari
va faoliyat yo‘nalishlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish.

Shu o‘rinda, Adliya vazirligi “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi joriy yilning dekabr oyigacha davom etishini yana bir bor eslatadi.
Hurmatli fermerlar, Sizning huquqingiz buzilgan har qanday holatda zudlik bilan adliya organlariga (“1008” – telefon raqam yoki @fermergamadadbot – telegram orqali) murojaat qiling.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat