10:44 / 07.09.2021
3 101

«Hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi» — Toshkent nega «tiqilib qoldi»?

«Hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi» — Toshkent nega «tiqilib qoldi»?
Poytaxt yo‘llarida kecha, 6 sentabrdan boshlab katta tirbandliklar yuzaga kela boshlagani haqida xabar berilgandi.
Toshkent shahar transport boshqarmasi buning sababini ko‘chalarda yengil avtomobillar hamda yo‘nalishsiz taksilar sonining ko‘payishiga bog‘ladi. Ushbu rasmiy izohga va umuman holatga blogerlar turlicha munosabat bildirishmoqda.

Davletovuz shunday yozadi:
«Jamoat transportini nafaqat rivojlantirmasdan, balki yillar davomida borini ham abgor qilib, yo‘lovchilar uchun noqulay tizimga aylantirib, mayli, eski davrni ayblashning mavridi tugagandan so‘ng yangi aybdor — taksistlarni ayblashga o‘tishibdi. Bu bezbetlikning yangi bosqichi bo‘lsa kerak.

Albatta, Toshkentshahartransxizmat hozirgi holatida hech qachon poytaxt transport tizimini o‘zgartirmaydi, yangilamaydi. Bu o‘zimizni o‘zimiz aldash bilan bog‘liqdek. Bu kompaniya buguni bilan yashaydi. Bu gapni kecha o‘qish boshlangan payt boshqaruvni eplolmay qolgan metro uchun ham aytsa bo‘ladi.

Jamoat transportining egasi shaharliklar, shahar deputatlari va shahar hokimligi bo‘lishi kerak. Toshkentga «genplan» kerak, Toshkent jamoat transportiga strategiya kerak. 50 ta avtobus sotib olgan bilan bu tizim isloh bo‘lib qolmaydi. Shahar jamoat transportiga xususiy sektor prizmasida qaraydigan hokim ham buni tushunmaydi. Haftada hech qursa bir kun jamoat transportida yurmaydigan hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi. To‘liq tonirovka qilingan, sovutkichi to‘xtovsiz ishlaydigan mashinada yuradigan, muzdekkina kabinetidan, muzdekkina mashinasidan qaraydigan hokim ham, vazir ham tashqaridagi vaziyatni boshqacha ko‘radi.

Shahar jamoat transport tizimini rivojlantirmas ekanmiz, yaqin kelajakda hokimlarning mashinalari ham tirbandlikda qoladi (balki o‘shanda tipirchilab qolishar), aholi uchun bo‘sh maydonlar esa umuman tugaydi, kvartallar, mahallalarda bugun allaqachon buning oqibatlarini ko‘rayapmiz. Jamoat transportini rivojlantirish uchun esa velosipedni qayta kashf qilish kerak emas. Yuzlab shaharlar allaqachon muvaffaqiyatli amaliyotga, tajribaga ega, xolos. Buning uchun ozgina siyosiy xohish, aqlli rejalashtirish bo‘lsa, bas
».

Bloger Shahnozaning yozishicha, «ertalab soat 7:30 da biron ilovadan taksi topib bo‘lmayapti. Bolalar maktabga kech qolyapti, ota-onalar asabiy, yo‘llar tiqilinch, avtobus kamqatnov, metro uzoqda... Piyoda yoki vilosipedda yuray desang, yo‘lakning o‘zi yo‘q. Hali yomg‘irli-qorli kunlar boshlanmadi. Shahar markazida 4-5 km radiusda harakatlanish shunchalik qiyin bo‘lib qolyaptiki, Oyga uchish osonroq bo‘ladi bu ketishda. Qiziq, nahotki qatorlashtirib zichlab uylar qurayotganda, jamoatchilik transportidan faqat avtobus va metroni qoldirib, qolganini yo‘qotganda, hamma yoqni avtomobillashtirib masalani yecha olamiz deb o‘ylashgan? Bu shaharda faqat avtomobili bor odam amallab qimirlay oladigan ahvolga kelyapti. Avtomobilga oylab navbat turib, yillab pulini to‘lashga qurbi yoki xohishi yo‘qlar nima qilsin, ishlamasin, o‘qimasinmi? Zudlik bilan ahvolni o‘zgartirish, nimadir qilish kerak!»

Nikita Makarenko esa, yaqin ikki yoki uch yil ichida ahvol yanada og‘irlashishi qayd etadi.
«Tirbandiklarning sababi — no‘noq shaharsozlik, hech qanday bosh rejaning yo‘qligi, 70-yillardagicha fikrlash darajasi: «yana bitta ko‘prik — hammasi iziga tushib ketadi».

Avtomobillar sonining ko‘payishiga shahardagi holat har tomonlama hissa qo‘shadi.

Dunyoning hech bir metropolisi avtomobillashtirishni qondirish orqali kelajakni qura olmagan. Bu boshi berk ko‘cha. Bu hatto nazariy jihatdan ham mumkin emas. Ko‘chalarni kengaytirish emas, balki toraytirish kerak. Ko‘priklar qurilmasligi, balki buzib tashlanishi kerak.

O‘ylaymanki, real harakatlar kachonki kortejlar yura olmay qolgandagina boshlanadi. Ungacha hech narsa o‘zgarmaydi. Bu ikki yoki uch yil ichida sodir bo‘ladi», deb yozadi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi» — Toshkent nega «tiqilib qoldi»?