00:18 / 11.10.2021
4 297

Kuyovning “poyandozi” yoki bema’ni odatlarga bir nazar...

Kuyovning “poyandozi” yoki bema’ni odatlarga bir nazar...
Yurtimizdagi to‘y marosimlari o‘ziga xos urf-odatlar bilan ajralib turadi. “Non sindirish”dan tortib “quda chaqiriq”qacha turlicha odatlar borki, ba’zilarini ko‘rgan odam hayratdan yoqa ushlashi aniq. Odat-ku, mayli, uni bajarishga haddan tashqari berilib ketganlar atrofdagilarga kulgi bo‘layotganini anglamay qolishi yomon.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yigitlar to‘yda «kuyov poyandoz» uchun ur-yiqit qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu holatni ko‘rib, nahotki shu ham o‘zbekona odatlarimizdan bo‘lsa, deb o‘ylab qoldim.

Kuyovning oyog‘i ostiga qo‘yilgan bu poyandozda shunchalik hikmat bormidiki, uni shu qadar talashishadi? Internetda shu haqida ma’lumot izlaganimda, «Bu sho‘x va quvnoq o‘yin – poyandoz marosimi paytida “qo‘lga kiritgan” qiyqimlarini yaxshi niyatlar bilan olib ketadilar. Bu mato bo‘laklardan ayollar ro‘molcha, tumor tikadilar yoki kelin-kuyovlarga atab tikiladigan ko‘rpa-yostiqlarga quroq sifatida ishlatiladi. Marosimning o‘tkazilishi natijasida uylanish, avlodlar davomiyligini ta’minlash singari ma’naviy qadriyatlar yoshlar ongiga yanada singdiriladi» degan gaplarga ko‘zim tushdi.

Axir biz bir parcha matodan umid qilamizmi? Ertangi kunimiz shu matoga bog‘liqmi?..

To‘g‘risi, kishi judayam xafa bo‘lar ekan. Kimlardir yurtim, dinim yo‘lida deb ilm izlasa-yu, kimlardir qandaydir bid’at ishlarga shu qadar ruju qo‘ysa.

Yana shuni aytmoqchimanki, insonning taqdiri bir parcha matoga bog‘liq emas. Kishi o‘z harakatlariga ko‘ra mukofot oladi va yuqoridagi marosim hech qanaqasiga avlodlar davomiyligini ta’minlash singari ma’naviy qadriyatlardan emas!

Atrofni kuzatadigan bo‘lsak, bu kabi odat tusiga aylanishga ulgurgan bid’atu xurofotlar yetarlicha topiladi. Ba’zi hududlarda kelin-kuyovning olov atrofida aylanishini eshitib, og‘zim lang ochilib qolgan. Bu odat zardushtiylik dini marosimlaridan ekanini bilgan kishi sifatida mo‘min odamlar bundan voz kechishi tarafdoriman.

Shuningdek, ayrim joylarda kuyovnavkar kelin tomonga borganida xuddi kelinning qarindoshlari ularning oyoq kiyimini olib qo‘yadigandek poyabzalni yechmasdan xona ichiga olib kirib ketishar ekan. Bundan tashqari, kuyovjo‘ralar tomonidan dasturxonni ship-shiydon qilib ketilishi ham kishi dilini xira qiladi. Nega bunday qilishlari haqida so‘rasangiz, odat deyishadi.

Shu sabab yurtdoshlarimiz bu kabi bid’atlar va maqsadi noma’lum bo‘lgan odatlardan voz kechishlari shart. O‘zbekchilik deyilayotgan qaysidir “odat” aslida qo‘pol va axloqsiz bir ish, madaniyatsizlik, xolos.

Hamidulloh Ali

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kuyovning “poyandozi” yoki bema’ni odatlarga bir nazar...