16:18 / 22.10.2021
1 893

«Xo‘ja Porso» masjidi buzib tashlangani bo‘yicha ish tergov uchun Bosh prokuraturaga yuborildi

«Xo‘ja Porso» masjidi buzib tashlangani bo‘yicha ish tergov uchun Bosh prokuraturaga yuborildi
Foto: Facebook / Jamil Qosimov
Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi «Xo‘ja Porso» masjidi buzib tashlangani bo‘yicha ishni tergov qilish maqsadida Bosh prokuraturaga yubordi.

Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan Marg‘ilondagi qadimiy «Xo‘ja Porso» jome masjidi buzib tashlangani haqida xabar berilgandi.

Unda jurnalist Elmira Tuxvatullinaning Facebook’da yozishicha, gid Jamil Qosimov Buyuk Britaniyadan kelgan sayyohlarni betakror ustunlar va naqshinkor shiftni ko‘rsatish uchun olib borganida masjid buzilib, uning o‘rnida qurilish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lgan.

«1869 yilda qurilgan, ko‘plab sayohat jurnallarida yozilgan va bir qator suratlari e’lon qilingan hamda pandemiyadan avval jon deb ekskursiyaga olib borilgan ushbu masjid endi yo‘q. Ustunlar va buzib tashlangan naqshinkor shift esa shunchaki keraksiz buyumdek yerda changga belanib yotibdi», — degan Jamil Qosimov va masjidning o‘sha kungi holati aks etgan video hamda 2019 yilda o‘tkazilgan avvalgi ekskursiyalaridan olingan suratlarni taqdim etgan.

Qayd etilishicha, masjid o‘rnida pishiq g‘ishtdan yangisi qurilmoqda, yodgorliklar yangi masjidga qayta o‘rnatiladi. Chet ellik sayyohlar bundan hayratga tushgan: «Qanday qilib shunday go‘zallikni buzish mumkin, axir bu ushbu ob’ektni sayyohlik jihatidan jalb qilib turgan narsa-ku? Yangi narsa baribir yangi».

Aksariyat mamlakatlarda tarixiy binolar xarob holga kelib qolsa ham, uni yo restavratsiya, yo konservatsiya qilishga harakat qilishadi. Angliyaning o‘zida, deylik, 50 yillik binoni ta’mirlash uchun ko‘plab komissiyalardan o‘tish kerak. «Nega bizda tarixiy inshootlarni buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorlar osongina qabul qilinadi?» — deya savol bergan jurnalist.

Jurnalist va bloger Nikita Makarenko ayvon shiftidagi bezaklar butun binoga qo‘shib buzib tashlanganiga noroziligini bildirgan. «Tolibon tashqarida emas, Tolibon allaqachon ichimizda. Bu siyosiy harakat emas, muayyan shaxslarning ijtimoiy va madaniy rivojlanish darajasidir», — deb yozgan u o‘zining Telegram kanalida.

Farg‘ona viloyati hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirgan. Unda ta’kidlanishicha, 2019 yil noyabrda olib borilgan texnik ekspertiza davomida xom g‘ishtdan qurilgan binoning devorlar konstruksiyasida hamda poydevorida cho‘kish yoki yorilishlar mavjudligi, namlik ta’sirida devorning uqalanishi boshlangani, «yuk ko‘taruvchi va to‘siq konstruksiyalar» me’yoriy hujjatlar talablariga umuman mos kelmay qolgani aniqlangan.

Xabarda, shuningdek, «texnik jihatdan binoni restavratsiya yoki rekonstruksiya qilish imkoniyatlari yo‘qligi sababli buzib, qayta qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan hamda mas’ul idoralar ekspertlari xulosasi olingan», — deya qayd etilgan.

Madaniy meros agentligi Marg‘ilon shahridagi «Xo‘ja Porso» jome masjidi buzib tashlangani yuzasidan o‘z xulosasini e’lon qilib, agentlik huzuridagi Ilmiy kengash ruxsat bermaganini ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasining 2021 yil 14 avgustdagi 851-sonli xatiga asosan «Xo‘ja Porso» jome masjidi hududida qo‘shimcha bino inshootlar qurish bo‘yicha loyiha taklifi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

O‘rganishlar natijasi yuzasidan 2020 yil 3 noyabrdagi xat bilan Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasiga «Xo‘ja Porso» jome masjidi hududida milliy ro‘yxatdagi Respublika ahamiyatiga ega bino majmuasi saqlangan holda, binoning yangi bosh rejasi taqdim qilinishi, bino ko‘rinishi Marg‘ilon an’anaviy me’morchiligi asosida loyihalashtirilishi, gumbaz, arka (ravoq) qurilishi usuliga e’tibor qaratilishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

«Binoning tarixiy bosh tarxi taqdim etilmagani, yangi va eski binolarning bir-biri bilan mutanosibligi ishlab chiqilmagani hamda loyiha tashkiloti litsenziyasiz kengashga taqdim etilgani sababli loyiha taklifi Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan bir ovozdan rad etilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, «Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan so‘ralgan ma’lumotlar Madaniy meros agentligiga qayta taqdim etilmagan».

Mazkur masala yuzasidan o‘rganilgan xulosalar barcha tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda o‘rnatilgan tartibda Bosh prokuraturaga holatga huquqiy baho berish uchun yuborildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xo‘ja Porso» masjidi buzib tashlangani bo‘yicha ish tergov uchun Bosh prokuraturaga yuborildi