Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Aliment qarzdorligini undirish tartibi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.
Qonunni ishlab chiqish zarurati
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda oilaviy ajrimlar soni ko‘payganligi kuzatiladi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda respublika bo‘yicha ajrimlar soni 23000 ga yetgan. Shu davrning o‘zida 195 mingta nikoh qayd etilgan. 2020 yilning 9 oyida respublika bo‘yicha 19 970 ta ajrim holatlari FHDYO organlarida qayd etilgan. 2021 yilning yanvar-mart holatiga respublika bo‘yicha 9 213 ta ajrim holatlari qayd etilgan.
Mazkur ajrimlardan keyin farzandlarning asosiy ta’minoti farzandni olib qolgan onaning (kam hollarda otaning) zimmasiga tushadi. Farzandlar uchun aliment belgilangan hollarda aliment to‘lovchi har-hil bahonalar bilan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan holatlar kam emas.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra 2020 yilning 1 iyul holatiga Majburiy ijro byurosida ish yurituvida 992 mingta ijro hujjatlaridan 245 mingdan ortig‘ini (24 foizi), 2021 yil 1 mart holatiga ko‘ra ish yurituvidagi 1 million 90 mingga yaqin ijro hujjatlarining 268 mingdan ortig‘ini (24,6 foizi) aliment to‘lovlariga oid ijro ishlari tashkil qilgan.
Ish yurituvdagi 2021 yilning 1 yanvar holatiga aliment undirish haqidagi ijro ishlari hududlar kesimida jami 269 029 ta (aliment undiruv bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori viloyatlar - Farg‘ona viloyati 32 054 ta, Samarqand viloyati 29 957 ta, Andijon viloyati 29 181 ta), 2021 yil 1 iyul holatiga aliment undirish haqidagi ijro ishlari jami 280 068 ta (aliment undiruv bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori viloyatlar - Farg‘ona viloyati 33 346 ta, Samarqand viloyati 31 029 ta, Andijon viloyati 31 266 ta) ni tashkil qilib aliment pullari majburiy ijro etish choralarini qo‘llash orqali undirib kelinmoqda.
Majburiy ijro byurosiga 2020 yilning 1 iyulgacha kelib tushgan 58 500 ga yaqin murojaatning 39 mingdan ortig‘i, ya’ni 66 foizi alimentga oid murojaatlardir. Shuningdek, 58 190 nafarga yaqin qarzdorlardan ijro hujjati bo‘yicha aliment pullari majburiy ijro etish choralarini qo‘llash orqali undirib kelinmoqda.
Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar uchun o‘z vaqtida moddiy ta’minot olish xayot kechirishining zarur ehtiyoji ekanligini hisobga olgan holda, aliment qarzdorligini qonuniy muddatda va to‘g‘ri undirilishi muhimdir.
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda aliment to‘lash majburiyatlarini belgilovchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, shuningdek, ota-onani moddiy ta’minlashdan (aliment to‘lashdan) bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi. Bundan tashqari, qarzdorlikni undirishga qaratilgan ta’sir choralaridan biri sifatida qarzdorning chet elga chiqish huquqini vaqtincha cheklash belgilangan. Biroq, bu chora faqat chet elga chiqish zarurati bo‘lgan qarzdorlarga nisbatan samara beradi.
Xorijiy davlatlar tajribasi
Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etish uchun o‘xshash ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Xususan, Germaniyada aliment qarzdorlik bo‘yicha majburiy mehnat, musodara qilish va qarzdorning mol-mulkini bola foydasiga musodara qilib sotish yoki qamoq jazosi mavjud. Kanadada doimiy ravishda qarzdorlarni ov qilish huquqini cheklab ularning fotosuratlari internetda e’lon qilinadi. Shu bilan birga, nemis bolalari alimentni 25 yoshgacha oladilar va Kanada qonunchiligiga binoan ota-onalar 27 yoshgacha bo‘lgan bolalarining o‘qishi uchun pul to‘lashlari shart.
Ukraina “Ijro etish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra aliment bo‘yicha umumiy qarzdorlik miqdori to‘rt oyda to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdoridan oshib ketganda, davlat ijrochisi qarzdorning transport vositalarini boshqarish huquqini aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar vaqtincha cheklash huquqiga ega.
Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan Latviya fuqarolariga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish, avtotransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni taqiqlash joriy qilingan. Latviyada aliment to‘lash bo‘yicha qarzdorlarni o‘z majburiyatlarini bajarishga undash uchun mo‘ljallangan bir qator cheklovlar mavjud. Xususan transport vositalarini boshqarish huquqini cheklash, quroldan foydalanish uchun beriladigan litsenziyadan foydalanishga taqiq qo‘yish shuningdek qimor o‘yinlari tashkilotchilariga o‘yinlarda ishtirok etuvchi shaxslarning aliment qarzdorlik bo‘yicha reyestrda mavjudligini aniqlash orqali ularning ishtirokini cheklash majburiyati yuklangan.
Shuningdek aliment bo‘yicha qarzdorda farzandi ta’minoti uchun yetarli mablag‘ va mol-mulki bo‘lmagan holatlarda uni majburiy mehnatga jalb qilish orqali qarzdorlik undiriladi. Latviya “Advokatura to‘g‘risida” gi qonuniga muvofiq aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdor jismoniy shaxsga qarzdorligi bartaraf etilmaguncha advokatlik litsenziyasi berilmaydi.
Rossiya Federatsiyasining “Ijro etish to‘g‘risida”gi federal qonunida (02.10.2007y. №229-FZ) ijrochi qaroriga muvofiq aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdor jismoniy shaxsning transport vositasini boshqarish huquqi vaqtincha cheklanishi nazarda tutilgan.
Qozog‘iston “Ijro etish va sud ijrochilari maqomi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra (02.04.2021 y. № 261-IV) sud ijrochisi alimentni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga muvofiq qarzdorlik yuzaga kelganda sudga qarzdorning litsenziyalar, ruxsatnomalar berish va maxsus huquqlardan foydalanishni vaqtincha cheklash to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega.
Xulosa
Yuqoridagi tahlillar hamda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki O‘zbekiston hududida yurgan qarzdorlarga samarali ta’sir chorasi sifatida davlat ijrochilariga aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdor jismoniy shaxslarning transport vositasini boshqarish huquqini qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarish hamda faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish huquqini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan sudga murojaat qilish huquqini berish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek qonun loyihasida mazkur ta’sir choralari qo‘llanilmaydigan istisno holatlar ham kiritilgan.
Xususan sud qarorini ijro etish uchun yetarli mol-mulk olib qo‘yilgan taqdirda; agar shunday cheklash belgilanishi qarzdor tirikchiligining asosiy va qonuniy manbaidan mahrum qilsa; agar qarzdor birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lsa yoki qarzdor qaramog‘ida birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi yoki nogiron bola deb tan olingan shaxsga bog‘liq bo‘lsa; agar qarzdorga ijro hujjati talablarini bajarish uchun kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan bo‘lsa; voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa maxsus huquqlarni vaqtincha cheklash qo‘llanilmaydi.
Xulosa qilib aytganda ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aliment undiruvi bilan bog‘liq qarzdorliklarni kamaytirish imkonini beradi. Xususan mamlakatimizda 2021 yilning 6 oyi davomida 4 mingdan ortiq litsenziyalar berilgan bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasiga ega shaxslar soni besh million nafarga yaqinligi aliment qarzdorligi bo‘yicha transport vositasini boshqarish huquqini, shuningdek faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish huquqini vaqtincha cheklash tarzidagi ta’sir choralarini qo‘llanishi aliment majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashi mumkin.
Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”