17:30 / 28.10.2021
1 623

Umrning barakasi nimada?

Umrning barakasi nimada?
Yoshi ulug‘larimizdan ko‘pincha “Alloh umringni uzun qilsin” degan duoni eshitib qolamiz. Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “ummatimning yoshi oltmish bilan yetmishning o‘rtasida bo‘ladi, ulardan ozchiligi bundan o‘tadilardeganlar.

Shu o‘rinda imom Buxoriy va imom Muslim Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki rizqi keng va umri uzoq bo‘lishini yaxshi ko‘rsa, qarindoshlari bilan aloqasini yaxshilasin”, deganlarini eslab o‘tish o‘rinli.

O‘ylab qolasan kishi, umrning barakasi faqat uning uzun bo‘lishi bilan bo‘ladimi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “insonlarning yaxshisi umri uzun bo‘lib, amali chiroyli bo‘lgani, insonlarning yomoni – umri uzun bo‘lib, amali yomon bo‘lgan kishidir”, deganlar. Hazrat Ali roziyallohu anhu “umrning barakasi solih amal bilan bo‘ladi” deganlar. Agar umrda solih amallar topilmasa, uning foydasi ham yo‘q ekan.

So‘fi Ollohyor bobomiz “Sabotul ojiziyn” kitoblarida Hajjoj zolim bilan bo‘lgan bir voqeani nazmga tizganlar. Unda Hajjoj bir faqir kishiga ko‘p in’om-ehson qilib “mening haqqimga duo qil” deganda, “xudo tezroq joningni olsin” deb duo qiladi. Hajjoj buning sababini so‘raganda u “o‘lishing senga ham, musulmonlarga ham yaxshi bo‘ladi” deydi. Demoqchi bo‘lganimizning mazmunini Alisher Navoiy bobomiz baytda go‘zal ifoda etganlar:

Bu gulshan ichra ki, yo‘qtur baqo guliga sabot
Ajab saodat erur qolsa yaxshilik birla ot.

Boboravshan Rasulov


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 03-07/6341-sonli ruxsati bilan chop etildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Umrning barakasi nimada?