10:00 / 02.11.2021
1 289

Buxoroda inson salomatligi uchun xavfli yog‘ ishlab chiqarayotgan yashirin korxona aniqlandi

Buxoroda inson salomatligi uchun xavfli yog‘ ishlab chiqarayotgan yashirin korxona aniqlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti
Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan yog‘ mahsuloti yashirin ishlab chiqarish sexi faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Holat Bosh prokuratura departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Ta’kidlanishicha, G‘ijduvon tumanidagi «Qassobon» mahallasida yashovchi, 38 yoshli Sh. Z. o‘z hovlisida qo‘lbola moyjuvoz uskunasini o‘rnatib, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagan holda chigitdan olinadigan yog‘ mahsulotini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Tadbir davomida uning hovlisidan 1 dona qo‘lbola moyjuvoz uskunasi, 40 kilogramm paxta chigiti, 174 litr moyjuvozda ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘i va 270 kilogramm kunjara ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Temir va yog‘ochlardan tayyorlangan moyjuvoz uskunasi, paxta chigiti, kunjara, antisanitar ahvoldagi plastmassa idishlar, elektromotor, «rubilnik» va boshqa ashyoviy dalil hujjatlashtirilgan. Moyjuvozda ishlab chiqarilgan paxta yog‘lari laboratoriya nazoratidan o‘tkazilganda, uning iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz va inson salomatligi uchun xavfli ekani aniqlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti
G‘ijduvon tuman DSEN markazining aloqa xatidagi xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan o‘simlik yog‘i paxta chigitini uy sharoitida qayta ishlash natijasida ishlab chiqarilgan. Qo‘lbola yog‘ning oshqozon-ichak, jigar a’zolariga salbiy ta’sir etib, organizmda zaharlanish holatlarini keltirib chiqarishi, inson hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga mutlaqo javob bermasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddaning (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) 1-qismi bilan ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda inson salomatligi uchun xavfli yog‘ ishlab chiqarayotgan yashirin korxona aniqlandi