16:14 / 03.11.2021
1 252

Sodiq Safoyev Yaponiyaning oliy ordeni bilan mukofotlandi

Sodiq Safoyev Yaponiyaning oliy ordeni bilan mukofotlandi
3 noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021 yil kuzida Imperator ordeni bilan taqdirlangan xorijliklar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmatiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Ro‘yxatga Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham kiritilgan. U Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun «Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi» ordeni bilan taqdirlangan.

«Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi» Yaponiyaning eng yuqori ordeni bo‘lib, u bilan faqat yuqori natijalarga erishgan shaxslar taqdirlanadi va O‘zbekistonda birinchi marta berilmoqda. Bu Yaponiyaning 1875 yildan beri berilayotgan eng qadimgi ordeni. U olti darajaga ega.

Sodiq Safoyev Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muhim platforma bo‘lgan ‘Markaziy Osiyo+Yaponiya’ muloqoti ochilishi chog‘ida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va ko‘p yillar davomida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, jumladan, ushbu muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shgan
», — deyiladi elchixona xabarida.

Xabarda ta’kidlanishicha, u «Oliy Majlis — Yaponiya parlamenti» parlamentlararo guruhining sobiq raisi sifatida ikki davlat o‘rtasidagi parlament almashinuvini rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shgan.

«Shunday qilib, uning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va do‘stlikni mustahkamlash borasidagi yutuqlarini nihoyatda muhim deb atash mumkin», — deyiladi elchixona xabarida.

Bunga qadar Yaponiya hukumati imperatorlik ordeni bilan qator O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston bilan bog‘liq shaxslarni taqdirlagan edi:
  • «Otayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar» ordeni bilan — Yaponiyalik intern qilingan shaxslar muzeyi direktori Jalil Sultonov;
  • «Otayotgan quyosh, kumush nurlar» ordeni bilan — «Fozil ota» qabristoni qarovchisi Miroqil Fozilov;
  • «Otayotgan quyosh, oltin va kumush nurlar» ordeni bilan — O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Yaponiya bilan hamkorlik qilish bo‘yicha maslahatchisi Mirsobit Ochilov.

Ma’lumot uchun, Sodiq Safoyev (1954 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat universitetini bitirgan (1976 yil). 1990—1992 yillarda Garvard universitetida amaliyot o‘tagan, O‘zbekiston Prezidenti apparati va Fanlar akademiyasida ishlagan. Safoyev turli yillarda tashqi ishlar vaziri, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, Prezidentning davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi, Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Shuningdek, Sodiq Safoyev 2005 yilning fevralidan noyabriga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasida faoliyat yuritgan. 2016 yilning dekabrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosariga aylangan, 2020 yilning yanvarida ushbu lavozimga qayta saylangan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sodiq Safoyev Yaponiyaning oliy ordeni bilan mukofotlandi