19:34 / 20.11.2021
10 265

Yulduz Usmonova onasiga uch kun aza tutgani, energiyani qayerdan olishi va 20 ta qo‘shig‘ini bekor qilgani haqida

Yulduz Usmonova onasiga uch kun aza tutgani, energiyani qayerdan olishi va 20 ta qo‘shig‘ini bekor qilgani haqida
«Sevimli» telekanali boshlovchisi O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan qisqa intervyu tashkillashtirdi. Intervyu davomida Yulduz Usmonova boshlovchining qiziqarli savollariga javob berdi.

— Shuncha yillik ijodingiz davomida nechta qo‘shiq yaratgansiz?
— Sanamayman barakasi uchadi. Bir aytgan qo‘shiqqa qayta murojaat qilmaydigan odatim bor. Ba’zi yoshlar cover qilib aytay deydi. Ammo men yangisiga intilib ketaveraman. O‘rni kelganda yozib qoldiray, desam kerakda.

— 2006 yildagi konsert dasturingizda «Bugun konsertning yettinchi kuni, hisoblab ko‘rdik bu 198-konsertimiz ekan», — degan ekansiz. Oradan shuncha yil o‘tdi, raqamlar qanchaga oshdi, deb o‘ylaysiz?
— U paytda Rashid Galiyevich bor edi. U o‘tirib hisoblab chiqardi. Balki muxlislarim orasida konsertlarimni sanaydiganlar bordir. Mendan videoni ko‘rdingizmi, deb ko‘p so‘rashadi. Men o‘zimning chiqishlarimni ko‘rolmayman. O‘zimni ekranda ko‘rsam isitmam chiqadi. Yangiligida besh-olti kun eshitishim mumkin, keyin uni bir chetga surib yangisini yaratishga harakat qilaman.

— Olxo‘rili tuzlamaning mazasi qanday bo‘lishi ko‘pchilik muxlislaringizni qiziqtiradi. Haqiqatan ularni o‘zingiz tayyorlaysizmi?
— Turkiyada yashaganimda olxo‘rili tuzlama tayyorlashni o‘rganganman. O‘zimga juda yoqadi. Oilada yaxshi uy bekasiman. Uy ishlarida uncha-munchasini o‘tirib turgizaman. O‘zim ovqat qilishni ham yoqtiraman. Faqat vaqt masalasi chatoq, kechasi och qolganda ko‘chadan ovqat yeyishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki uyimda «Keling bir piyola choy ichvoling», deydigan odamim yo‘q. Kechasi borib o‘zim tayyorlashga holim bo‘lmagani uchun ko‘chadan ovqatlanishimizga to‘g‘ri keladi.

— Shuncha energiyani qayerdan olasiz?
— Eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Sirini aytsam ishonishmaydi. Hamma odamlar singari menda ham dangasalik tomiri bor. Divan odamzotning birinchi dushmani. Unga yotgandan keyin odamning turgisi kelmay qoladi. Shuning uchun divanda omonat o‘tiraman. Sport bilan muntazam shug‘ullanish kerak. Agar sport zalga borishni istamasangiz mahallangizni 3—4 marta aylanib chiqing, bu ham foyda. Qo‘shiq kuylayotganda o‘pkam yaxshi ishlashi kerak deb suzishga qatnayman. Sport bilan shug‘ullanish uchun zallarga boraman.

«Onamning vafot etganiga bir hafta bo‘ldi. Uch kun aza tutdim, tamom yig‘lashga ham vaqtim yo‘q. Orada esimga tushib qolsa yig‘lab olaman va yana yo‘limda davom etaman. Chunki oldinda katta imtihon konsert dasturi turibdi. Menda bo‘laveradi, degan narsa yo‘q. Qo‘shiqlar o‘xshamasa buzib qayta yozishni boshlayman. Qaysidir yili konsert uchun kuylangan 20 ta qo‘shiqni qaytadan yozishimizga to‘g‘ri kelgan. Chunki ularning hech biridan ko‘nglim to‘lmagan. Pulim kuysa-da, ko‘nglim to‘lmagan qo‘shiqni konsert programmasiga kiritmayman. Chunki muxlis uchun sarflagan pulim emas, sahnadagi chiqishim birinchi o‘rinda. ‘O‘xshatmabdi’, degan so‘zdan qo‘rqqanim uchun ham konsert programmasiga alohida e’tibor beraman. Shu bois ertalabdan turib, harakatni boshlayman. Ayrimlarga o‘xshab tushgacha uxlash odatim yo‘q, — deydi O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yulduz Usmonova onasiga uch kun aza tutgani, energiyani qayerdan olishi va 20 ta qo‘shig‘ini bekor qilgani haqida