20:46 / 26.12.2021
1 451

«Viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan» - Zoir Mirzayev

«Viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan» - Zoir Mirzayev
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev deputatlar va xalqqa murojaatida yer ajratish masalalari, shuningdek, fermerlar tasarrufidagi yer maydonlari noqonuniy ravishda sotib yuborilganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatdagi 902 ta korxona hokimliklar bilan yer ijara shartnomasi tuzmasdan faoliyat olib borgan. Bunday korxonalar Yangiyo‘l tumanida 216 ta, Qibrayda 375 ta, Toshkent tumanida 109 ta, Piskentda 62 tani tashkil etadi.

- Xatlov shuni ko‘rsatdiki, viloyatdagi ayrim maydonlarda yer ko‘p, ayrim hududlarda yer yetishmayapti. Masalan, 3428 ta korxonada yer maydonlari 3058 gektarga ko‘p. Ya’ni fermer xo‘jaligining yeri bor. ‘Menda 50 gektar yerim bor’, deydi. Borib tepadan o‘lchasa, 55—60 gektar chiqyapti. Yer ortiqcha.

Lekin 4523 ta holatda esa yer 3914 gektarga kam. Bu yer sotilgan, boshqa odamga berib yuborilgan. Bu bo‘yicha eng ko‘p salbiy holat Piskent (260 ta korxonada yer maydoni 1236 gektarga ko‘p) va Bekobod (257 ta fermerda 1239 gektar yer yetmayapti) tumanlarida aniqlangan. Yer sotilgan, konturda turibdi, yerning egasi boshqa, u yerga uy qurgan, egallab olgan, noqonuniy bog‘ qilib olgan
, — deydi Zoir Mirzayev.

Toshkent viloyat rahbari yerdan foydalanishdagi boshboshdoqliklar oqibatida viloyatda 2021 yilda 1409 ta holatda 263 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, noqonuniy qurilishlarga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 7214 ta holatda konturlar kesimida 8304 gektar maydon bo‘yicha tafovut bor. Ya’ni fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yerlar bilan hujjatlar raqamlar o‘rtasida bir-biriga mos emas.

- Men haqiqiy, halol tadbirkorlarni hurmat qilaman. ularni qo‘llab-quvvatlaymiz, yonida turib berishga tayyormiz. Lekin xatlovda shunaqangi narsalar chiqyaptiki, tadbirkorlik sub’ekti auksionda yer maydonini sotib olgan, lekin tagidagi hujjatlar soxta bo‘lib chiqyapti. Hattoki, ochiq aytaman, viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan.

Auksionda sotib olingan yer boshqa kontur, lekin ob’ekt boshqa konturda qurilyapti. Bitta yo‘nalishga sotib olyapti, boshqa narsa quryapti. Maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilaman, deb sotib olib, uy qurib olgan. Hozirgi tizimda hamma narsa bazaga kiritiladi. Bir tomondan hokimning qarori bazaga kiritilyapti. Ikkinchi tomondan yerning haqiqiy holati bazaga kiritilyapti. Mana shu ikkalasini solishtirganda o‘rtadagi tafovut chiqib kelyapti. Hozir bizda yetti mingdan ziyod shunaqa ob’ekt bor.

Ikkita tadbirkor bilan gaplashdim, qo‘lida qaror bor, viloyat hokimligida u qaror yo‘q. Tasavvur qilyapsizmi? Raqamini olib kelyapti, raqamdagi qarorda boshqa narsa turibdi. Ularga bu qarorlarni kimdir yasab bergan. Agar vaqtida buni aniqlamasak, hurmatli tadbirkorlar, sizga jabr qilib qo‘yamiz
, — deya ta’kidlagan viloyat rahbari.

Zoir Mirzayev Xalq deputatlari kengashi sessiyasida, shuningdek, qurilishi bir necha yilga cho‘ziladigan ob’ektlar haqida gapirib, «Shaffof tenderda qatnashishni chidaganga chiqargan», degan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda yer balansini to‘g‘ri tasarruf etish masalalari haqida gapirgandi. «Yer balansini to‘g‘ri yuritish, yerni asrab-avaylash hokimlarning konstitutsiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas», — degan edi davlat rahbari.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan» - Zoir Mirzayev