23:13 / 06.01.2022
1 958

Yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlash taqozo qilinadi

Yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlash taqozo qilinadi
Davlatimiz rahbarining «Yangi O‘zbekistonning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi» Farmoni loyihasi, avvalo, mamlakatimizda yaqin kelajakda amalga oshirilajak islohotlarning tub maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlarini, mazkur maqsad hamda yo‘nalishlarning belgilanishiga asos bo‘layotgan omillarni anglab olish imkonini beradi.

Hujjatdan ko‘rinib turibdiki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining pirovard maqsadi xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish bilan bog‘liq. Bu esa yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlashni taqozo qiladi.

Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilmasdan va tadbirkorlikni jadal rivojlantirmasdan, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlamasdan, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirmasdan turib, jamiyat a’zolari turmushining farovonligini oshirib bo‘lmaydi. Strategik maqsad va vazifalarning bunday mazmunda belgilanayotgani bejiz emas. Farmon loyihasida ular jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni hamda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda aniqlangani alohida ta’kidlanadi.

Darhaqiqat, jahon hamjamiyati bugun murakkab va ziddiyatlarga to‘la davrni boshdan kechirmoqda. Jumladan, barcha mintaqalardagi iqtisodiy jarayonlar jadallashmoqda, keskinlashmoqda, iqtisodiy raqobat tobora jiddiy tus olyapti. Mamlakatlardagi ijtimoiy hayotda transformatsion jarayonlar sodir bo‘lmoqda. Dunyo geosiyosiy maydonidagi konfiguratsiya mutlaqo o‘zgacha mazmun va shakl kasb etayotir. Hatto millat va elatlarning ma’naviy-madaniy hayoti ham tub o‘zgarishlarga duchor bo‘lmoqda.

Bunday vaziyatda mamlakat taraqqiyotiga erishish, xalq farovonligini yuksaltirish uchun eng avvalo, iqtisodiyotning uzluksiz va barqaror rivojini ta’minlash, uning raqobatbardoshligi va tahdidbardoshligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini takomillashtirish, jamiyatda qonun va huquq ustuvorligini qaror toptirish taqozo qilinadi.

Qo‘yilgan strategik maqsad va vazifalar mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalari bilan ham uyg‘undir. Masalaning mohiyati shundaki, o‘tgan davrda davlat rahbarining rahnamoligi va tashabbusi bilan jamiyat hayotining turli sohalarida nihoyatda samarali islohotlar amalga oshirildi. Mazkur islohotlar mamlakat iqtisodiy qudratining oshishiga, ijtimoiy barqarorligining mustahkamlanishiga, siyosiy nufuzining oshishiga, ma’naviy makonining yangilanishiga olib keldi.

Endilikda O‘zbekistonda yangi marralarni egallash, fuqarolar turmushi darajasini yuksaltirish uchun barcha ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar yuzaga kelib bo‘ldi. Taraqqiyot strategiyasining xalqimiz turmush farovonligini oshirish bilan bog‘liq maqsadi ana shu imkoniyatlardan kelib chiqib belgilanmoqda. Taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo‘nalishlari, ular miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan choralar strategiya maqsad va vazifalariga uyg‘un holda belgilangani, yaqin besh yilda ko‘lami keng va ijtimoiy ahamiyati salmoqli bo‘lgan mexanizmlarni ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim.

Bu chora va mexanizmlar O‘zbekistonda xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini qaror toptirish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy siyosat adolatparvarligini yuksaltirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Masalan, Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishiga erishish, raqamli iqtisodiyotni drayver sohaga aylantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, moliyaviy resurslarni ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, eksport salohiyatini oshirish choralari ko‘zda tutilgan. Bunday choralar 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirishga zamin yaratadi.

Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot kadrlar masalasiga borib taqalishi barchamizga yaxshi ma’lum. Salohiyatli, o‘z kasbini puxta o‘zlashtirgan kadrlargina mamlakat iqtisodiy yuksalishini ta’minlay oladi. Shuni nazarda tutgan holda Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyot sohalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkonini beradigan uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirish va modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor berilgan.

Yaqin kelajakda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, uning sifatini takomillashtirish, milliy maktablarni ko‘paytirish va zamonaviylashtirish, o‘rta maxsus ta’limning zamonaviy tizimini vujudga keltirish, oliy ta’limni xalqaro andozalarga moslashtirish choralari ko‘riladi. Ezgu maqsad uni ro‘yobga chiqarishga zamin hozirlaydigan ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaratishni talab etadi. Aynan shuning uchun ham Taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalari «Inson qadri uchun» tamoyiliga bo‘ysundirilgan. Bu tamoyilni hayotga tatbiq etish uchun esa Taraqqiyot strategiyasi doirasida mahallaning faol modelini joriy etish, uni aholi muammolarini hal qilish uchun zarur resurslar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

Farmon loyihasining e’tiborga loyiq yana bir jihati shundaki, uning bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini tahlil qilib borish mexanizmi joriy qilinmoqda. Xususan, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda qayta tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur markazni yaqin kelajakda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi tahlil qilinadigan, tizimli muammolar umumlashtiriladigan, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladigan muloqot maydoniga aylantirish rejalashtirilgan.

Ayni paytda viloyatlarda mazkur markaz filiallari tashkil etilsa, fuqarolarning Taraqqiyot strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan «yo‘l xarita»lari muhokamasidagi ishtiroki faollashgan bo‘lar edi. Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tizimli ma’rifiy tadbirlarning yo‘lga qo‘yilishi jamiyat a’zolarini ularni ro‘yobga chiqarishga safarbar qilish imkoniyatini oshiradi.

Umuman olganda, Farmon qabul qilinishi bilan mamlakat o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga — Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uchinchi Renessans poydevorini yaratish davriga qadam qo‘yadi. Bu davr mamlakatda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, uning manfaatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, farovon turmushini ta’minlash davri bo‘ladi.

Albatta, qo‘yilgan salmoqli maqsad va vazifalar ijrosi yurtimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha fuqaroning, ayniqsa, ziyolilarning faol ishtirokini talab etadi. Jamiyat a’zolarining hamjihatlikdagi fidokorona mehnatigina ko‘zlangan marralarga yetish imkonini beradi.

Dilmurod NABIYEV, Qarshi davlat universiteti rektori.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yaqin besh yilda uch asosiy vazifaga diqqatni jamlash taqozo qilinadi