18:47 / 13.01.2022
1 374

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda davom etayotgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari yig‘ilganlarni, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan harbiylar va soha faxriylarini bayram bilan tabriklagan.

«Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlarimiz va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyati samaradorligini tahliliy ko‘rib chiqish va kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish yaxshi an’anaga aylangan.

Ushbu majlis ulug‘ sana — O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi arafasida o‘tkazilmoqda
», deydi prezident.

Davlat rahbari islohotlar natijasida mamlakat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, har tomonlama zamonaviy qurollangan, qudratli armiya shakllanayotganini ma’lum qilgan.

«Biz 2016 yilda Qurolli Kuchlarimiz faoliyatini chuqur o‘rgangan holda, harbiy qurilishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qildik. Va besh yillik istiqbolga mo‘ljallangan, kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks choralarni ko‘rdik.

Aniq maqsadga qaratilgan ana shunday ishlar natijasida, armiyamiz qiyofasi ham, harbiy xizmatning ma’no-mazmuni ham tubdan o‘zgarmoqda. Qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarlik darajasi keskin oshmoqda
», degan Mirziyoyev.

Prezident qo‘shni Qozog‘istonda ro‘y bergan namoyishlar va tartibsizliklarga ham to‘xtalib o‘tgan.

«So‘nggi kunlarda biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo‘shni bo‘lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog‘lab turadi. Kelajagimiz ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Shu kunlarda men Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. O‘zbekiston xalqi nomidan butun Qozog‘iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlash borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdim.

Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog‘ayib ketishiga tilakdoshman.

Yaratganga shukrki, qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o‘z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

O‘z o‘tmishida ko‘plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og‘ir kunlarni ham tez orada mardona yengib o‘tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo‘lishiga ishonaman
», dedi davlat rahbari.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi