12:15 / 25.01.2022
1 345

O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda mavjud ekstremistik kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi

O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda mavjud ekstremistik kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi
O‘zbekiston Oliy sudining 2021 yil 24 dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan bir qator materiallar ekstremistik materiallar deb topildi hamda ushbu materiallarni mamlakat hududiga olib kirish, tarqatish, namoyish etish hamda saqlash taqiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 14-moddasiga muvofiq taqiqlangan tashkilotlarning (materiallar) ro‘yxati Adliya vazirligining veb-saytida e’lon qilinmoqda.

Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) asosan ushbu materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Taqiqlangan kanal va sahifalar orasida «Abu Saloh darsliklari», «Tavhid va Jihod», «Ayollar darslari silsilasi», «Jannat oshiqlari» kabi 40 ga yaqin sahifalar mavjud. To‘liq ro‘yxat bilan Adliya vazirligining rasmiy veb-sayti hamda Ochiq ma’lumotlar portali orqali tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun, «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 11-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, ommaviy axborot vositalarida yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan materiallar agar ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora da’vat qiladigan yoxud shunday faoliyatni amalga oshirish zarurligini asoslab beradigan yoki oshkora oqlaydigan, tarqatish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan ekstremistik materiallar deb topiladi hamda ularni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda mavjud ekstremistik kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi