21:46 / 03.02.2022
1 019

Andijondagi maktablarda kechasi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Boshqarma boshlig‘i holatga izoh berdi

Andijondagi maktablarda kechasi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Boshqarma boshlig‘i holatga izoh berdi
Foto: Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Andijon viloyatidagi maktablarda kunduzi yetmagandek kechasi ham o‘quvchi va uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to‘garak va boshqa tadbirlar tashkil qilish, o‘qituvchilardan ertalabdan kechki soat 22:00 ga qadar maktabda bo‘lish talab qilinayotgani haqida yozdi.

Rasul Kusherbayev «Kechasi nima qilarini bilmay yurgan o‘qituvchi va yoshlar bu sharoitdan juda ‘baxtiyor’ bo‘lishsa kerak», deya mutasaddilarga «Mayli, jiddiy bo‘laylik: bu ko‘zbo‘yamachiliklar kimga, nima uchun kerak o‘zi, tushuntiradigan bormi?» degan savol bilan murojaat qilgan. «Daryo» muxbiri Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov bilan bog‘lanib, deputatning tanqidlariga izoh oldi.

Mirkomilovning ma’lum qilishicha, ta’lim muassasalaridagi tadbirlar davlat rahbarining maktab ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektrida bergan topshirig‘iga asosan mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda maktab ma’muriyati bilan tashkil etilmoqda.

«Ma’lumki, 2022 yilning 28 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahallalarda joylashgan ta’lim muassasalarida aholi, ayniqsa, uyushmagan yoshlar uchun mushoira kechalari, sport tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida shahar va tuman Yoshlar ishlari agentligi hamda xalq ta’limi bo‘limlari hamkorligida maxsus jadvallar ishlab chiqilgan bo‘lib, shunga asosan har kuni ta’lim muassasalarida soat 18:00 dan 22:00 ga qadar turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati hamkorligida tashkil etilyapti. Maktab direktorlariga tadbirlarga umuman o‘qituvchilarni jalb qilmaslik talab qilinmoqda. Agarda qaysi bir direktor o‘qituvchilarni majburlasa, unga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan o‘qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi 22:00 gacha bo‘lish talab etilayotgani haqidagi xabarlar asossiz
», — deydi u.

Azizbek Mirkomilov, shuningdek, o‘zining Facebook’dagi sahifasida holatga munosabatini bildirib, o‘qituvchilarga o‘z murojaatini yo‘llagan.

- Hurmatli hamkasblar, tashkil etilayotgan barcha tadbirlar uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Biroq oramizda, bunga o‘qituvchilar majburlanyapti, deb jar solayotgan ayrim do‘stlarimiz ham borligi ochig‘i meni quvontirdi. Chunki ish bor joyda, albatta, kamchilik, turli ziddiyatlar va qarashlar bo‘ladi. O‘sha do‘stlarimizga savol «Siz nimani hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni yoki biron o‘quvchini o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo‘lmasdan faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz... Qani edi ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondoshsangiz, Andijon ta’limi yuksalarmidi? Ish qilmasdan guruhlardagi rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko‘rasiz?».

O‘zingizning ishingizni uddalay olmasangiz hech bo‘lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay turing. Tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilyapti. Vijdonli va diyonatli o‘qituvchilarimiz esa o‘quvchilarining o‘zlashtirishi bilan band. Ularga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman. Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa (ustoz deyishga tiling bormaydi) insof tilab qolaman. Gruppalardagi rasmlarni tashlashda davom eting.

Barcha umumta’lim maktablari direktorlari mahalladagi yoshlar yetakchilariga qanot bo‘ling, ularga yoshlar bilan ishlashni o‘rgatib maktablarimizni haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘iga, ziyo maskaniga aylantirishda hech ham charchamanglar. Sport zal va maydonlarimiz, kompyuter xonalari doimiy yoshlar bilan gavjum bo‘lsin. Sizlardan yangi haftada yangi g‘oya va tashabbuslarni kutib qolaman.

Aytgancha, yana bir quvonchli xabar joriy yilning 7 fevral sanasidan oflayn o‘qishga qaytamiz. O‘qituvchi va o‘quvchilarimizni kovid degan balodan asrab, karantin tartib qoidalariga amal qilgan holda ish tashkil etishimiz kerakligini unutmanglar. Jamiyatimizga foydamiz tegib, go‘zal fikrlab, go‘zal yashashga harakat qilaylik
, - deb yozdi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov.

Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, belgilangan tadbirlarni o‘tkazilishida yoshlar yetakchilari, mahalla fuqarolari yig‘ini raislari bilan o‘zaro hamkorlikda namunali ish tashkil qilgan maktab rahbarlari boshqarma boshlig‘i tomonidan faxriy yorliq hamda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash yo‘lga qo‘yiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijondagi maktablarda kechasi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Boshqarma boshlig‘i holatga izoh berdi