663
«Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur» — Abdulaziz Komilov
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga bergan javob berdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Matbuot anjumani davomida Abdulaziz Komilov Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, bu davlatga gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatish borasida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi munosabatlarning istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tgan.
- "Bugun mintaqadagi mavjud voqelikni hisobga olgan holda hamma Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda.
Darhaqiqat, biz Latviya tashqi ishlar vaziri bilan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Albatta, Latviya NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Afg‘oniston bilan bog‘liq muayyan majburiyatlarga ega. Biroq o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, hatto ushbu majburiyatlar doirasida ham Latviya har doim oqilona, amaliy, puxta o‘ylangan, turli mafkuralardan xoli yondashuvni namoyon etib kelmoqda. Shu bois latviyalik do‘stlarimiz bilan bu masalada muloqot qilish biz uchun doim yoqimli va foydali bo‘lib kelgan. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ham biz Latviya delegatsiyasiga Afg‘oniston masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi va yondashuvlari haqida ma’lumot berdik.
Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart (va ular juda ko‘p). Bular xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan deyarli o‘sha shart va talablardir.
Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin.
O‘zbekiston eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston vakillari bilan aloqalarni to‘xtatmadi. Bugun esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. Gap energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida ham jiddiy loyihalarni amalga oshirish haqida bormoqda.
Tashqi ishlar vaziri timsolida Latviya tomoni ham, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, jumladan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ham yakdil fikr bildirmoqda, ya’ni bugungi kundagi asosiy vazifa — Afg‘onistonda gumanitar halokatning oldini olishdir. Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar, ektremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston va Latviyaning Afg‘oniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangdir. Bu esa ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur.
Gumanitar falokatning oldini olish borasidagi ishlarning muhim jihatlaridan biri O‘zbekiston tomonidan tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatilayotganidir. O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan chegara hududi infratuzilma imkoniyatlaridan foydalangan holda Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini tashkillashtirilgan ravishda yetkazib berish uchun Termiz shahrida ko‘p funksiyali xalqaro transport xabi allaqachon tashkil etildi. Ushbu markazni ta’sis etish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Latviya tomoniga minnatdorlik bildiramiz.
Afg‘oniston bo‘yicha yetarli tajribaga ega bo‘lgan Latviya sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirish maqsadida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish istagini bildirdi. Chunki Afg‘oniston bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda yondashuvlarimiz mushtarakdir", - dedi Abdulaziz Komilov.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov 8 sentyabr kuni Afg‘oniston masalasi bo‘yicha 20 dan ortiq TIV rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratgandi. «Tolibon» rasmiysi 7 oktabr kuni Kobulda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston hech qanday tahdid bo‘lmasligini aytgandi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"