23:40 / 12.02.2022
2 219

«Unga qonun yo‘q. Maza qilib yuribdi» — Shavkat Mirziyoyev

«Unga qonun yo‘q. Maza qilib yuribdi» — Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 2021 yilda eng ko‘p qoida buzgan haydovchilarning ba’zilarini nomma-nom sanab o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan «Menimcha» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

«Yunusobod tumanidagi 17-mavzeda yashovchi haydovchi Ro‘zmetov 2021 yilning o‘zida 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan. Unga qonun yo‘q. Maza qilib yuribdi. Yuqori Chirchiq tumani ‘Yassaviy’ mahallasida yashovchi Raimov 2021 yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir etib, oxir-oqibat jiddiy ‘avariya’ sodir etgan.

Bunday qo‘pol qoidabuzarliklarga jazo muqarrar ekanini ta’minlash vaqti kelmadimikan? Men qonunchilarga savol bermoqchiman
», – dedi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident hududlarda yo‘l harakati xavfsizligini to‘liq raqamlashtirish kerakligini aytib o‘tdi. Na poytaxtda, na hududlarda raqamlashtirish borasida bironta namuna qilib ko‘rsatadigan joy yo‘qligini aytgan davlat rahbari har bir hudud 1 iyulga qadar keskin o‘zgarish qilmasa qat’iy chora ko‘rishini ma’lum qildi.

«Endi Toshkent shahrida raqamli yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash tizimini joriy etish to‘liq shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Ortiqxo‘jayev, Toshpo‘latov yil yakuniga qadar poytaxtning 300 ta chorrahasini, kelgusi yilda esa yana 302 ta chorrahasini raqamli tizimga o‘tkazishi shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident selektorda odamlar uchun qiziq bo‘lgan yana bir muhokama borligini ma’lum qildi.

«Kelgusida avtomobilsozlik sohasini ham ko‘rib chiqamiz. Odamlar norozi — «biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber, ey janob davlat rahbarlari» deyapti. Nega desangiz iqtisodiyotimiz rivojlanmoqda, mashinaga bo‘lgan talab ham ko‘paymoqda», — deydi prezident.

Bundan avval O‘zbekistonda haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi, O‘zbekistonda qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi hamda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida zamonaviy avtomaktab va imtihon markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Unga qonun yo‘q. Maza qilib yuribdi» — Shavkat Mirziyoyev