00:29 / 16.03.2022
1 488

Qashqadaryo televideniyesi rahbari senzurasiga izoh berdi

Qashqadaryo televideniyesi rahbari senzurasiga izoh berdi
Foto: «Daryo»
Qashqadaryo televideniyesi rahbari Jahongir To‘ychiyev jurnalist Inobat Abdullayeva tomonidan tayyorlangan lavha nega efirga berilmaganiga izoh berdi.

«2022 yilning 18 fevral kuni muxbir hamda tasvirchi prezidentning 2020 yil 6 noyabrdagi ‘O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi farmoni ijrosi bo‘yicha ‘Qashqadaryo sohili’ sanatoriysida dam olayotgan xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, metodistlari hamda umumta’lim maktabi direktorlarining bepul dam olayotgani haqida lavha tayyorlab kelish uchun sanatoriyga yuborilgan. Ular tayyorlab kelgan lavha bir tomonlama, noxolis tayyorlagani uchun efirga berilmagan», — dedi Jahongir To‘ychiyev.

Televideniye rahbarining aytishicha, sanatoriyda tasvirga olingan materiallar sinchiklab ko‘rib chiqilganda Inobat Abdullayeva mavzuga bir tomonlama yondashganligi o‘z tasdig‘ini topgan.

«U o‘ziga berilgan topshiriq ijrosi bir chetda qolib, mavzuni yoritishni boshqa tomonga yo‘naltirgan, yaratilgan sharoitlar haqida sanatoriyda dam olayotgan ko‘pchilikning fikrini o‘rganmagan. Lavhada mavzu yuzasidan Nishon tumanidagi 31-umumta’lim maktabi direktori Abdulla Qahhorovdan olingan intervyudan umuman foydalanilmagan. Bundan ko‘rinadiki, lavha yuzaki, barcha tomonlarning fikri inobatga olinmagan holda, muxbirning shaxsiy hissiyotlari asosida tayyorlangan. Muxbir, avvalo, professional jurnalist sifatida dastlab prezident farmoni ijrosi yuzasidan dam oluvchilarning fikrlarini olib, so‘ngra sanatoriydagi kamchiliklarni xolis yoritganida mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi va bu lavha efirga uzatilardi», — deydi Jahongir To‘ychiyev.

To‘ychiyevga ko‘ra, Inobat Abdullayeva o‘zining noxolis, biryoqlama tayyorlagan lavhasi efirga berilmagach, viloyat teleradiokompaniyasi mulki hisoblangan tasvirlarni noqonuniy tarzda o‘z telefoniga ko‘chirib olib, uni montaj qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga post sifatida joylashtirgan.

Jahongir To‘ychiyev Qashqadaryo telekanalida tanqidiy, tahliliy, muammoli holatlar aks etgan lavhalar muntazam efirga uzatilayotganini bildirib, 2021 yilda fuqarolar murojaatlari asosida 100 dan ziyod lavha efirga berilganini aytmoqda.

«Shuningdek, muxbirlarning tashabbuslari va huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ham o‘nlab tanqidiy-tahliliy lavhalar tayyorlanib, efirda namoyish qilingan», — deydi viloyat televideniye direktori.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan jurnalist Inobat Abdullayeva kimningdir piariga xizmat qiluvchi lavha tayyorlamasligini aytib, «Men aytilgan joyga borib, holatni o‘rgandim. Va jurnalist sifatida axborot oldim. Olgan axborotlarimiz va tasvirlarimiz yiliga minglab dam oluvchilar hordiq chiqarib, davolanishi mumkin bo‘lgan Qashqadaryo sohili sanatoriysining ayanchli ahvolidan darak berardi. Shu bois dam oluvchilar aytgan muammoli holatlarni ham tasvirga olib, borini boricha o‘rganib qaytdik. Ko‘rsatuvni montaj qilib, efirga tayyor holatga keltirdik va mas’ullarga berdik. Ammo ko‘rsatuv efirga ketmadi. Sababini so‘rasam, bosh muharrir direktor ruxsat bermaganini aytdi. Direktorning o‘zi Jahongir aka bilan gaplashganimda esa u men sizni tanqidiy ko‘rsatuv uchun emas, maqtash uchun yuborgandim, dedi. Shundan so‘ng bu haqda Facebook’dagi sahifamda yozdim», degandi.

Jurnalist, shuningdek, viloyat televideniyeda tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik ham ildiz otib ketganini aytib, «Viloyat televideniyesida hammaning o‘z guruhi, sodda qilib aytadigan bo‘lsak o‘z ‘mafiya’si bor. Direktor, direktor o‘rinbosari, bosh muharrir-u, bosh hisobchining ham o‘z odamlari bor. Siz shu guruhlarning birida bo‘lmasangiz, sizga na ‘s’yomka’ berishadi va na tayinli gonorar», — degandi.

Jahongir To‘ychiyev o‘z munosabatida jurnalistning bu iddaolariga javob bermagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryo televideniyesi rahbari senzurasiga izoh berdi