date
views 1 734

Musulmonlar idorasi: «Ramazon oyida Umra narxi oshadi»

Musulmonlar idorasi: «Ramazon oyida Umra narxi oshadi»
Ramazon oyida Umra ziyorati uchun qilinadigan to‘lov narxlari oshadi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Shavkat Hamdamov YouTube’dagi «Muslim.uz» kanaliga ma’lum qildi.

U ramazon oyi Umrasi uchun tayyorgarlik masalalariga to‘xtalib, narxlarda o‘zgarish bo‘lishini bildirgan:

«Aytishimiz kerak, narxlar ramazon oyi uchun oshadi. Hozir ziyoratchilarimiz 17 million 790 ming so‘m bir martalik to‘lov qilyapti. Ramazonda narxlar oshib, mavsumi tugashi bilan yana avvalgi narxga qaytadi. Idoramiz bergan ma’lumot noto‘g‘ri qilingan, «endi umra narxi oshmaydi», degan gaplar tarqalgan. Ramazonda narxlar oshadi. Bu Musulmonlar idorasi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbir emas, bevosita Saudiya Arabistoni tomonidan amalga oshirildi», — degan u.

Avvalroq O‘zbekistonda Umra ziyorati qachondan boshlanishi va uning narxlari haqida ma’lumot berilgandi. Unda 2020 yil fevral oyiga qadar Umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 770 000 so‘m mablag‘ to‘lashi ham keltirib o‘tilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qo‘shimcha to‘lov borasida turli mulohazalar bildirilganidan so‘ng, Musulmonlar idorasi holatga izoh berib, koronavirus pandemiyasi Umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatilgan. 22 yanvar kuni erta tongda Umra—2022 mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgandi.

Keyinchalik Musulmonlar idorasi Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan barcha yirik musulmon mamlakatlarga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilishi ortidan podshohlikdagi barcha xizmatlarga talab oshganini bildirgandi. Bu o‘z navbatida bu o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlari narx-navosiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shu sabab o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Umra narxi oshiriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Musulmonlar idorasi: «Ramazon oyida Umra narxi oshadi»