Avvalroq Ukraina biznesi o‘zi uchun O‘zbekiston bozorini kashf qilgani haqida xabar berilgandi. Unda o‘nlab ukrainalik top-menejer va yuzlab mutaxassislar yaxshi maosh to‘lashga tayyor bo‘lgan o‘zbek iqtisodiyotining imkoniyatlaridan hayratga tushgani haqida so‘z borgan.
«Garchi tajribali mutaxassislar, yuridik xizmatlarning yetishmasligi hamda mahalliy sudlar faoliyatining sustligi sabab O‘zbekistonda biznes faoliyat olib borish oson kechmasa-da, Ukraina kompaniyalari tavakkal qilib ko‘rishga bel bog‘lashdi», — deyiladi xabarda.
Ushbu maqola chop etilganidan ko‘p o‘tmay, vaziyat o‘zgardi. 24 fevral kuni boshlanib, haligacha yakun topmagan Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy hujumi butun dunyoning ko‘plab tadbirkorlik sohalariga putur yetkazdi. Endigina o‘zbek bozoriga kirib, o‘z o‘rnini topa boshlagan ukrainalik biznesmenlardan biri ham bugun O‘zbekistondagi faoliyatiga nuqta qo‘ymoqchi. «Daryo» yuqoridagi tadbirkorlardan ba’zilarining O‘zbekistondagi biznesiga urushning ta’siri haqida qiziqdi.
Urush sabab rejalari o‘zgarib ketgan kompaniyalardan biri Ukrainaning «Zakaz.uz» onlayn yetkazib berish xizmatidir. 2020 yilda o‘zbek bozoriga katta rejalar bilan kirib kelgan kompaniya mamlakatdagi natijalardan mamnunligini, 2021 yilda o‘rtacha buyurtmalar soni ikki barobarga oshganini ma’lum qilgandi. Ammo hozir kompaniya egalari biznesni sotish niyatida: - "Bu, albatta, Ukrainada olib borilayotgan urush va Rossiya agressiyasi bilan bog‘liq qaror bo‘ldi", — deydi «Zakaz.uz» tijorat rahbari Yevgen Netreba.
Foto: TheMag
2021 yilda O‘zbekistondagi chakana savdo imkoniyatlari, shuningdek, aksiz solig‘ining kamayishi ortidan qiziqish bildirib, mahalliy bozorga kirib kelgan Global Spirits kompaniyasi mamlakatda o‘zining oltita filialini ochgan.
Kompaniya top-menejeri David Dolganov O‘zbekistonda kuchli raqobatchilar hamda tizimli kompaniyalarning yo‘qligi sabab 2022 yil oxiriga kelib, bozorning 25 foizini egallashni maqsad qilgani haqida ma’lum qilgan.
Mutaxassis Rossiya—Ukraina o‘rtasidagi tortishuvlarning Global Spirits biznesiga ta’siri haqida shunday dedi:
- "Ukrainadagi urushlarning biznes kelajagiga ta’siri haqida bir narsa deyolmayman. Chunki men Global Spirits biznesining egasi emas, balki o‘zbek bozoriga taqdim etuvchi vakiliman. Kompaniyaning egasi Yevgeniy Chernyak hisoblanadi".
Uning fikricha, Ukrainadagi voqealar o‘zbek bozoridagi butlovchi qismlar narxiga ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, hozirda qo‘llanayotgan ba’zi sanksiyalar tufayli energiya quvvatining ham narxi oshishi mumkin.
- Ukrainadan mahsulotlarning yetkazib berilishiga kelsak, bu bo‘yicha muammo yo‘q. Chunki tovarlar zaxirada va birga ishlaydigan hamkorlarimizda yetarlicha. Bizga tegishli bu mahsulotlarning barchasi diversifikatsiya qilingan, — deydi Dolganov.
Foto: iStock
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, hozir «Ukraina brendi» butun dunyo bo‘ylab jaranglayapti. O‘zbek bozoriga yetkazilgan va yetkazib berilayotgan mahsulotlar esa, juda yaxshi sotiladi.
- Ha, muammolar ham bor. Ular, asosan, Ukrainadagi Rossiyaning harbiy tajovuzlarida vayron bo‘lgan shaharlarda faoliyat yurituvchi korxonalarda kuzatiladi. O‘zbekiston bilan ishlaydigan kompaniyalar agar sanksiyalar ostiga tushmagan bo‘lsa, yetkazib berish bo‘yicha uzilishlar bo‘lmaydi, — deya suhbatni yakunladi Global Spirits xalqaro kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili David Dolganov.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda soliq organlari tomonidan yig‘ilgan tushumlar 127,9 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu 2020 yil bilan solishtirganda 24,3 trillion so‘mga yoki 23,5 foizga ko‘p. Shulardan 1,69 trillion so‘m miqdoridagi aksiz soliqlari alkogol (pivo) mahsulotlaridan kelib tushgan.
Foto: Moliya vazirligi
Ukrainaning eng yirik riteylerlaridan biri — «Rozetka.uz» onlayn savdo kompaniyasining hammuassisi Vladislav Chechetkin o‘zbek bozorining rejadagidan-da tezkor rivojlanayotganini ta’kidlagandi.
Ukrainadagi vaziyat riteylerning kelajagiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi haqida uning bosh direktori Georgiy Fesenko quyidagilarni ma’lum qildi: -"Kompaniya hozirda jadal rivojlanmoqda. Biznesning kelajagi haqida so‘z ketadigan bo‘lsa, men buyuk istiqbolli kelajakni ko‘ryapman".
Chechetkinning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakat bozoridagi eng yaxshi — har bir mijoz o‘z vaqtini tejagan holda, bir joydan hamyonbop narxlar, turli to‘lov usullari, qismlarga bo‘lib to‘lash, mahsulotlar bo‘yicha tanlov, sifatli xizmat hamda eshik oldigacha yetkazib berish imkonini beruvchi marketpleys yaratishni rejalashtirgan.
- O‘zbekiston bozorining juda qiziq va yorqin kelajagi bor. O‘ylaymanki, yaqin yillar ichida FinTech’dagi e-com bozorida yanada ko‘proq va qiziqroq loyihalar guvohi bo‘lamiz. Raqamlashuv va raqobatning kuchayishi esa, O‘zbekiston va uning aholisi uchun faqat foyda keltiradi, — dedi Fesenko.
Foto: «Ekonomicheskaya pravda»
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi voqealar ko‘plab mamlakatlarning barcha sohalar kabi, biznes muhitlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.
- Dollar kursi o‘sib bormoqda. Bu bevosita iste’molchilar uchun chet eldan import qilinadigan mahsulotlar narxiga ta’sir ko‘rsatadi, — deydi bosh direktor Georgiy Fesenko.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, qayta moliyalashtirish stavkalari ham o‘smoqda. Bu esa, iste’molchilar uchun qulay bo‘lgan bo‘lib to‘lash usulining doimiy mavjudligiga ta’sir ko‘rsatadi.
- Ammo bizning komanda xizmat sifatini yaxshilash hamda «Rozetka.uz»ni tovarlarni qulay narxga sotib olish mumkin bo‘lgan joy sifatida rivojlantirishda davom etadi, — deya izoh berdi Fesenko.
Aslida o‘zbek mamlakat bozorini tavakkalchilik asosida tanlagan ukrainalik tadbirkorning reja va maqsadlari katta bo‘lgan. Buni «O‘zbekiston — rang-barang, butun jahonga mashhur sharqona bozorlar mamlakati bo‘lib, uning mavqeyi asrlar davomida o‘zgarmas bo‘lib kelgan», — degan e’tirofidan ham anglash mumkin.
Ammo urush, tadbirkor, jamoa yoki kompaniyaning ixtiyoridagi voqelik bo‘lmagani uchun ham, barcha rejalariga nuqta qo‘ydi. Biroq iqtisodiyot va biznes olamida tavakkalchiliksiz biror narsaga erishib bo‘lmaydi. Bunday uzilishlar esa, tadbirkorni yanada ilg‘or g‘oyalar bilan kuchli bo‘lib qaytishiga turtki berishi mumkin.
Muallif: Muqaddas Musayeva
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi