08:00 / 28.03.2022
951

Endi daraxtlarni noqonuniy kesganlarni foto va videoga olib yuborganlar mukofotlanadi

Endi daraxtlarni noqonuniy kesganlarni foto va videoga olib yuborganlar mukofotlanadi
O‘zbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik holatlarini foto va videoga olib yuborganlarga pul mukofoti berilishi kutilmoqda.

Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasida qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan boshlab atrof-muhitni va moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ekologik nazorat sohasida fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan «Ekonazorat» va «Madaniy meros nazorati» axborot tizimlari ishga tushiriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi;

Daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning bir baravariga teng (270 ming so‘m) miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlari haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar:
  • ma’muriy huquqbuzarlik aniqlanganda — sudning ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan BHMning 1 baravari miqdorida;
  • jinoyat aniqlanganda — sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmiga asosan BHMning 3 baravari (810 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan foto va video materiallarni «Ekonazorat» va «Madaniy meros nazorati» axborot tizimga yuborishda quyidagilar to‘liq ko‘rsatilishi lozim:

- fuqaroning ismi, familiyasi, otasining ismi, doimiy yashash manzili;
- uyali telefon raqami, bank plastik kartasi raqami va elektron manzili;
- huquqbuzarlik sodir etilgan joyning geohududiy manzili;
- huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqt;
- huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

«Ekonazorat» va «Madaniy meros nazorati» axborot tizimga kelib tushgan huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan foto va video materiallar tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligining mas’ul xodimi tomonidan besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish davrida huquqbuzarning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlarda, mazkur masala bo‘yicha huquqbuzarni shaxsini aniqlash uchun foto va video materiallar IIVga yuboriladi.

Ushbu qonun loyihasi muhokamasi 10 aprelgacha davom etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi daraxtlarni noqonuniy kesganlarni foto va videoga olib yuborganlar mukofotlanadi