Tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishga taqiq olib tashlandi

Tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishga taqiq olib tashlandi
Foto: Daryo
Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish bo‘yicha taqiq olib tashlandi. Bu haqda vazirning «Tibbiyot xodimlarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash haqida»gi buyrug‘iga tayanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, sog‘liqni saqlash vazirining 2016 yil 20 yanvardagi 34-buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlari hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishlari taqiqlangan edi. Behzod Musayevning buyrug‘i bilan 6 yildan beri amalda bo‘lgan ushbu buyruq bekor qilingan.

Kusherbayev O‘zbekistonning amaldagi qonunlarida fuqarolarga hijob va boshqa diniy kiyimlarda yurish bo‘yicha cheklovlar mavjud emasligini eslatib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, tibbiyot xodimlarining odob-axloq kodeksining maqsadi tibbiyot xodimlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, tibbiyot muassasasi rahbar va xodimlarini yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ huquqiy-hujjatlariga, fuqarolarning huquq va erkinlariga qat’iy rioya qilishini mutaxassislar ruhiga singdirishni ta’minlashdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning sentabridan boshlab O‘zbekistonda o‘quvchi qizlarning maktabga ro‘mol o‘rab kelishiga ruxsat berilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar