Har qanday mamlakatni taraqqiyotdan toʻsuvchi, tanazzulga etaklovchi jinoyat bu, shubhasiz, korruptsiyadir! U – jirkanch, botqoqqa botiruvchi illat! Korruptsiya yoʻqolmas ekan, xalqning farovon yashashi, «islohotlarning jadal rivojlanishi» juda qiyin. Bu baloga loqayd qaralsa, shunchalik tomir otadiki, qirqib tashlash ogʻir boʻladi. Chunki, bir iborada aytilganidek, korruptsiya oʻz ildizini yuqoriga qarata chuqur otadi.
Oʻzbekistonda 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunga koʻra, «korruptsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish»dir.
Mamlakatimizda «korruptsiya» soʻzi ishlatilgan 207 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab turibdi. Keyingi oydan Korruptsiyaga qarshi kurashish va axloq qoʻmitasi ham ish boshlashi kutilmoqda.
«Korruptsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yoʻsinda, gʻayriqonuniy shaxsiy naf koʻrish maqsadida, oʻz xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir», deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining saytida.
Xoʻsh, bugun mazkur «ijtimoiy hodisa» Oʻzbekistonda qay darajada boʻy koʻrsatyapti? Gap faqat qonun, qaror, normativ-huquqiy hujjatlarda, agentlik va qoʻmitalarda boʻlganida qani edi! Qogʻozda taxlanib yotadigan hujjatlarning nima keragi bor? Hamma gap ularning mexanizmida, hayotga joriy etilishida. 207 ta normativ hujjatni shunchaki sanab oʻtib, korruptsiyani tag-tomiri bilan sugʻurib boʻlmaydi. Xalq, oddiy odamlar nima demoqda? Bu mavzuda ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazilyaptimi?
Tan olish kerak, bugun ma'lum ma'noda korruptsiyaning yoʻli toʻsilmoqda. Xoʻsh, qaysi jabhalarni undan xoli deyish mumkin?
Oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish. Jamiyatdagi eng ogʻriqli nuqta edi. «Eks-variant», «Parovoz», «Bunker» orqali bilimli yoshlarning hayotini poymol qilgan, korruptsiyani gullatgan yillarni esdan chiqarib boʻlmaydi. Shukrki, hozir bu holatlar uchramayapti.
Propiska. Busiz oʻz yurtingda begona eding. Koʻcha-koʻyda militsiya xodimi pasportingni soʻrashi va propiskang boʻlmasa boʻlimga olib ketishi, keyin otning kallasidek jarima solib, kamiga poytaxtdan «badargʻa» qilish muddatini ham qoʻyardi. Bugun esa propiska degan muammo yoʻq.
Tegishli litsenziya, spravkalar olish. Odamlarning bir parcha qogʻozga ega boʻlish uchun asabiylashishi, uzoq kutishi oddiy holat edi. Barham topdi.
Salomatlik, notarius xizmati, bogʻchaga bolalarni joylashtirish. Pul, pul, pul edi. Bugun esa uydan chiqmasdan ham hal qilish mumkin.
Kadastr masalalari. Amaldorning dimogʻi osmonda edi. Bundan tashqari, ularning «uchar»lari yaxshigina soqqa ishlardi.
Va yana ayrim sohalar (soliq tizimi, YPX va hokazo)...
Ha, korruptsiyaning payi qirqilmoqda. Ammo bu jarayon juda sekin kechmoqda. Korruptsiyaga qarshi keskin choralar koʻrilmayapti, dadil kurashlar koʻzga tashlanmayapti.
«Hamma joyda korruptsiya. Hamma joyda oʻgʻrilik. Qoʻlimizda aniq hujjatlar bor. Yoʻl qurilishida korruptsiya, suvda, svetda korruptsiya. Maktab, kollejlar qurilishida ham. Ijtimoiy tarmoqlarda, saytlardayam yozishyapti bu haqda har kuni».
Bu soʻzlar prezidentning 2021 yilda aytganlari va mazkur masala hamon dolzarbligicha qolmoqda.
Aholining oddiy qatlami korruptsiyasiz ish bitishiga hali hanuz ishonmaydi. Chunki bu illat uchrab turibdigina emas, urchib ham ketmoqda. Har haftada – kriminal statistika! E'tibor bering, 2022 yil aprel oyining oʻzida:
- Termiz shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Gʻ.N. subsidiya toʻlanadigan talabgorlarni tanlab olish boʻyicha komissiyaning mas'ul kotibligidan foydalangan. Bir fuqaroga uy-joy olish maqsadida subsidiya ajratilishi uchun yakuniy xabarnoma berishi evaziga 3 million soʻm pora talab qilgan. 1 million soʻm pulni olgan vaqtda ushlangan;
- Toshkentda hakamlik sudi sudyasi M.K. ishni javobgarning foydasiga hal qilib berishini aytib, 4000 AQSh dollari soʻragan. Bu pulning 2500 dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Oʻtgan yillarda «snos» mashmasi avj olgan boʻlsa, bugun erni noqonuniy sotish «trendga chiqdi». Oʻz xizmat vakolatidan foydalangan vallomatlar eng shimarib ishga kirishgan. Joriy aprel oyida:
- Zangiota tumani hokimi yordamchisi A.Yu. tadbirkor R.ga 8 sotix er maydonida turar joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish va kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 15.500 AQSh dollarini talab qilib, qoʻlga kiritgan, yana 1000 dollarni olayotganida ushlangan;
- Aprel oyida, shuningdek, Boʻstonliqda 5 gektar boʻsh er maydonini 1 mln AQSh dollariga sotmoqchi boʻlgan uch nafar fuqaro 50 ming dollarni avans tariqasida qoʻlga kiritayotganida hibsga olingan;
- Bir shovvoz Samarqand shahar Qorasuv maskanida oʻzgaga tegishli boʻlgan er maydonidan bir gektarini 500.000 AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan. 250 AQSh dollarini qoʻlga kiritayotganida ushlangan;
- Andijon viloyati Izboskan tumani Poytugʻ temir yoʻl stantsiyasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi E.A. stantsiya tasarrufidagi er maydonini fermer xoʻjaligi rahbari va uning akasiga sotmoqchi boʻlib, 8 ming AQSh dollarini olayotganida ushlangan.
Korruptsiya va uning koʻrinishlari boʻlgan poraxoʻrlik, tovlamachilik, firibgarlik holatlariga ham deyarli har kuni duch kelyapmiz.
- Surxondaryo viloyati Uzun tumani bank kassiri pensiya va nafaqa pullarini qimorga tikib yuborgan;
- «Farhod dehqon bozori» rahbariyati katta miqdordagi pul bilan ushlangan;
- Norin tumanida yashovchi ayol aviakassa ochib, 82 nafar fuqaroning har biridan aviachipta va «Kovid-19» ma'lumotnomasi uchun pul olgan va ushbu mablagʻning hammasini shaxsiy manfaati yoʻlida ishlatgan.
Bular – korruptsiyaga yoʻl qoʻyib qoʻlga tushganlar! Tutqich bermayotgan, harom jigʻildoni uchun pul olib, tagiga bostirib qoʻyayotgani qancha ekan? Ular haqida tegishli idoralarga xabar berilmaydi, tezkor tadbirlar oʻtkazilmaydi. Chunki pora beruvchi buni xohlamaydi, uning uchun tezroq ishini bitirgani foyda!
Ming afsuski, bugun amaldorlar qoʻlga tushib qolishdan ham, jazodan ham, gunohdan ham qoʻrqmay qoʻyishdi. Ularning oylik maoshi kam emas: 10, 20 million soʻm va undan ham koʻp oladi. Balki korruptsiya shu qadar urchib, nazorat qilib boʻlmayotgandir? Shu sababli ham keng quloq yozayotgandir?
«Katta-katta hokimlarni javobgarlikka tortsangiz, sizni hurmat qilishni boshlayman» - Prezident er ajratishdagi korruptsiya holatlari yuzasidan bosh prokurorga shunday degan edi.
Yaqinda bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Qilmishlari oshkor boʻlgan, sohani rasvo qilsa-da, silliqqina qutulib qolgan amaldor haqida hayrat bilan gapirdi u.
«Hayronman, buncha pulni nima qilarkin-a? Millionlar emas, milliardlar! Davlat mablagʻini oʻzining jigʻildoniga urgan. Yorilib ketmasmikan, deb ajablanaman. Qiziq, baloyam urmaydi».
Hind olimi va davlat arbobi Abdul Kalam shunday degan edi: «Korruptsiya kabi illatlar qaerdan paydo boʻladi? Ular poyoni yoʻq ochkoʻzlik tufayli kelib chiqadi».
Eng yomon tomoni shundaki, davlat mablagʻini puxtalik bilan oʻzlashtirgan amaldorning malakasi oshib boraveradi. Dastlab millionlarga, soʻng milliardlarga oʻtadi. Bagʻoyat mohirona oʻmaradi. Qonunni buzmaydi, balki uni aylanib oʻtadi (Ostap Bender iborasi). Bunga sari nafsi hakalak otaveradi. Katta-katta eya boshlaydi. Shunday maxinatsiyalar qiladiki, ming taftish oʻtkazilsa-da, aybini topish qiyin boʻladi. Har ehtimolga qarshi oʻzi uchun yuqoridan yaxshi «tayach-tanka» topib qoʻyadi. Uni ham oziqlantirib turadi. Xullas, bilganini qiladi, kerak boʻlsa, xalqning ustidan kuladi. Bugun shunday «katta baliqlar»ning tutqich bermayotgani sababi tizimning zaifligidamikan? Ular qachon tumshugʻidan ilinadi?
Burayda ibn al-Husayb roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Biz biror ishga boshliq qilib tayinlagan odam unga belgilangan maoshdan ortiq mol topsa, u uchun haromdir» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abdulloh ibn Umar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Alloh pora berganni ham, pora olganni ham la'natlagandir» (Imom ibn Moja rivoyati).
Darvoqe, korruptsioner amaldor hadislarni oʻqirmidi? Oʻqiganida korruptsioner boʻlarmidi?
Xoʻsh, korruptsiyani batamom yoʻq qilishning qanday echimlari mavjud? Keng jamoatchilikning fikricha, buning uchun jazoni yanada kuchaytirish kerak. Qilmishi uchun ogʻir jazo kutishini bilgan amaldor korruptsiyaga yoʻl qoʻymaydi. Ammo aslida tafakkurimizni ham oʻzgartirish fursati etmadimikan? Biz qonunlarni jazolash mexanizmi deb oʻylaymiz. Vaholanki, xalq muhokamasidan oʻtgan, deputatlar ovoz bergan, prezident imzo chekkan qonundan qoʻrqish emas, uni hurmat qilish kerak emasmi?
Qur'oni karimda shunday yozilgan: «Bir qavm oʻzidagi holatni oʻzgartirmaguncha Alloh ulardagi holatni oʻzgartirmas» (Ra'd, 11-oyat). Bugun bot-bot aytilayotganidek, ilmdan boshqa najot yoʻq. Biz toki oʻzimizni, farzandlarni yaxshi tarbiya qilmas ekanmiz, olgʻa siljimishimiz mushkul. Afsuski, hali bu darajaga bormadik, miyamiz boshqa xayollar bilan band. U ochofat nafsimizni oʻylaydi. Shu bois xalq manfaati va farovonligidan koʻra, oʻzimizning choʻntagimizni qappaytirish borasida bosh qotiramiz.
Korruptsiya tugatiladi. Erta, indin... biror kun! Agar bunga ishonmasangiz, hech boʻlmasa umid qiling!
Muallif: Anvar Namozov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qoʻllayotganlar kimlar?
Gulnora Karimovaga qarashli boʻlgan “Sijjak” dam olish maskani Kasaba uyushmasiga berildi
2025 yil 1 maydan boshlab “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi
Yangiyoʻlda ekologiya inspektorlarini kaltaklab ketgan shaxslar qidirilyapti
Oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi transyogʻlarni aniqlash boshlanadi
Qamchiq dovonidagi zaxira yoʻlda qor uchgani chiqqan 2 kishi vafot etdi
Oʻzbekistonda mashina oʻgʻirlanishi holatlari ortib bormoqda: haydovchilarga qanday choralar tavsiya etilmoqda?
2025 yilda Ai-80 benzini sotuvi cheklanishi mumkin