1 387
Uchinchi marta hajga otlangan boyga: nafl hajdan ko‘ra savobi ulug‘roq amal borligini bilmaysizmi?
Islom olamida ehtirom qozongan shayx Muhammad G‘azzoliy (1917–1996) qalamiga mansub o‘nlab kitoblar dunyo tillariga tarjima qilingan.
Islomshunos olim Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida misrlik atoqli ulamo, shayx Muhammad G‘azzoliyning «Islomiy hayot yo‘lidagi muammolar» kitobidan bir parchani chop etdi.
Marhum alloma bugungi kunda musulmonlar yo‘l qo‘yayotgan jiddiy xatolardan biri xususida so‘z yuritadi. Quyida o‘sha parcha bilan tanishishingiz mumkin.
Uchinchi marta nafl haj (birinchi farz haj ado etilgandan keyingi hajlar farz emas) qilishni maqsad qilib, farzi kifoyaga befarq bo‘lgan kishidan «Haj qilishingiz uchun qancha mablag‘ ketadi? Ming junayh ketadimi?» deb so‘radim.
U kishi «Ha, undan ham ko‘proq ketishi mumkin», deb javob berdi.
Men unga «Sizni bundan ham afzalroq ishga dalolat qilaymi? Falonchi yaqinda dorishunoslik (farmatsevtika) bilim yurtini tamomladi. Lekin oilasi moddiy jihatdan qiynalgan. Shu bilan birga jamiyat insofli, halol dorishunosga muhtoj. Qo‘lingizdagi mana shu mablag‘ni shu bitiruvchiga bersangiz, ham o‘z hayotini yaxshilardi, ham jamiyatga foydasi tegardi. Siz uchun esa qiladigan nafl hajingizdan ko‘ra savobi ulug‘roq bo‘lardi», dedim.
Suhbatdoshim menga qarab «Shu gapni siz gapiryapsizmi?!» dedi hayrat bilan.
«Agar shu aytganimga amal qilsangiz, maqsad qilgan nafl hajingiz o‘rniga farzni amalga oshirgan, jamiyatning bir kemtigini yopgan bo‘lasiz», dedim unga.
U esa hamon hayratini yashirolmay, «Hajdan voz kechib, dorixona ochishga yordam berish!.. Bu qanaqasi?!» deb fikrimni o‘ziga singdira olmadi.
Musulmonlarning ko‘p qismi o‘z jamiyatlaridagi fojia va muammolarning ko‘lamini, buguni va ertasiga tahdid solib turgan qoloqlikning darajasini anglab yetmaydilar. Shuning uchun dinga ko‘r-ko‘rona, ilmsiz amal qilib kelmoqdalar.
Boshqa bir jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, fuqaholar aytishadiki, «Alloh taolo farz ado qilinmaguncha nafllarni qabul qilmaydi. Ado etish jihatidan farzi ayn va farzi kifoya barobar. Biri ikkinchisidan kam emas». Shuning uchun men aytamanki, nafl ibodatlar kishini vojibdan to‘sib qo‘ysa, ya’ni naflni bajarish natijasida vojib qolib ketsa, unda naflning o‘rni yo‘q.
Masalan, nafl ro‘za tutish o‘qituvchini darsda to‘liq kuch bilan, risoladagidek ishlashiga xalal bersa, unga nafl ro‘za tutish lozim bo‘lmaydi. Xuddi shu kabi biror bir nafl amal tabibning bemorlarni ko‘ngildagidek muolaja etishdan ojiz qilsa yoki amaliyotidagi (operatsiyadagi) kamchiliklarga sabab bo‘lsa, ana shu nafl amalni bajarmasligi lozim.
Zero, Alloh taolo jihodga harakat qilayotgan ko‘plab musulmonlarning zimmasidan kechalarni qoim qilish yoki tuni bilan Qur’on o‘qish kabi amallarni soqit qildi.
«Muzzammil» surasida aytadiki: «Alloh kechayu kunduzni O‘zi o‘lchaydi. U sizlar chiday olmasligingizni bilib, sizlarga yengillikni qaytardi. Bas, endi Qur’ondan muyassar bo‘lganingizcha o‘qinglar. Kelajakda sizlardan kasallar bo‘lishini ham bildi. Boshqalar yer yuzida yurib Alloh yo‘lida fazlini (rizqini) axtarishini, yana boshqalar esa Alloh yo‘lida jihod qilishlarini bildi. Shunday ekan undan (Qur’ondan) muyassar bo‘lgancha qiroat qiling».
Yana bir dalil keltiramiz. Ibn Mas’ud roziyallohu anhuga nafl ro‘za tutmaslik tavsiya qilingan edi. Chunki Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan odamlar Qur’on o‘rganishardi. U kishi ro‘zador bo‘lsalar Qur’on tilovati va ta’limida hafsalasizlikka yo‘l qo‘yishlari mumkin edi.
Xulosa shuki, farzi ayn va farzi kifoya ibodatlar shaxsni tarbiyalash yoki jamiyatning yuksalishi uchun vosita bo‘lib, aqlli musulmon qaysi amal o‘zi uchun zaruriy, jamiyatga foydali ekanini anglashi va o‘sha amalga kirishishi lozim. Ikki solih amal barobar kelganda vojibrog‘ini, ya’ni manfaatlirog‘ini tanlashi kerak.
Demak, boy kishiga eng avvalo muhtojlarga yordam berishi, infoq-ehson qilishi vojib bo‘ladi. Agar boy kishining infoq-ehson qilishiga xalal bersa, tunlarni qoim qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishi mumkin bo‘lmaydi.
Faqih olim kishi esa eng avvalo nasihat, umumiy va xos ta’lim bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i darkor. E’tikof o‘tirish, amru ma’ruf, nahiy munkar qilmay sukut saqlab turish faqih olim uchun noto‘g‘ri hisoblanadi. Aksincha, jamiyatga aralashib, undagi muammolardan, fitna o‘rinlaridan xalqni ogohlantirishi lozim bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot