
Kollaj: «Daryo»
Toshkentdagi «Guanjou» klinikasida oʻtkazilgan tekshiruv davomida dori vositalarini qoʻlbola usulda qalbakilashtirish holatlari aniqlangani, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergovga oid qoʻshimcha ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Guangzhou Medical of China MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib bormoqda. Hozirga qadar IIBga bir nechta fuqarolar murojaat qilib, shifoxonaga kelganda ularning qon tahlillari oʻrganilmay, diagnostik tekshiruv oʻtkazilmay, faqat tashqi koʻzdan kechirish boʻyicha tashxis qoʻyishganini ma'lum qilgan. Ularning ta'kidlashicha, bemorlarga noma'lum dori vositalarini 1,5 million soʻmdan 2,5 million soʻmgacha oʻtkazishgan, biroq muolajalar samara bermagan.
«Televizor reklamasida koʻrgandim shifoxonani. Kasalligim bois borib uchrashdim. 2,4 million soʻm toʻlasangiz, tuzatamiz, dori beramiz dedi. 3 kun terapiya qildi, bir haftadan keyin yana ogʻriq tutdi», — deydi mijozlardan biri.
Klinikaning Toshkent shahri va viloyatdagi filiallarida oʻtkazilgan tintuv jarayonlarida kelib chiqishi va yaroqliligiga doir hujjatlari boʻlmagan bir necha turdagi mahalliy va xorijiy dori vositalari aniqlanib, tekshirish uchun ashyoviy dalil sifatida olingan,
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Muolajalardan davo topmagan bemorlar klinikaga shikoyat qilib kelganida, xodimlar ularni boshqa bemorlarning oldida shov-shuv koʻtarmasliklari uchun tinchlantirishga harakat qilgan.
«Meni tuzatolmayapsizlar, pulimni qaytaringlar dedim. Ular boʻlsa qaytarmaymiz, qayoqqa borsang bor deyishdi. Keyin ish boshqaruvchisiga bordim, odamlar eshitmasin, mana shu pulni qaytaramiz, yarmiga dori ichgansiz dedi. Shunaqa qilib pulimni ololmay yuribman», — deydi bemorlardan biri.
Hozirda klinikadan olingan dori vositalarining kelib chiqishi va tarkibini aniqlashga doir tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.
Guanjou klinikasi1 Mansabdor shaxslari va xodimlari1 Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan1 Qo‘lbola usul1 Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar