12:48 / 14.09.2022
3 213

Nargiza Salmonova «Bravo» a’zosi bo‘lgani, afsuslangan roli va Turkiya kinosidagi puxtalik haqida (video)

Nargiza Salmonova «Bravo» a’zosi bo‘lgani, afsuslangan roli va Turkiya kinosidagi puxtalik haqida (video)
Foto: «Daryo»
Aktrisa Nargiza Salmonova Turkiyaga turmushga chiqqanidan so‘ng ijodida bir muddat tanaffus bo‘lgan edi. Katta sahnaga «Bravo» jamoasining a’zosi bo‘lib qaytgan Nargiza Salmonova serialda rol ijro qilib afsuslangani, «Bravo» jamoasining kutilmagan taklifi va turk kino olamidagi puxtalik haqida gapirib berdi.

Bu haqda aktrisa «Daryo» muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida ma’lum qildi.

- «Bravo» jamoasini oldindan yaxshi ko‘rib, tomosha qilardim. «Bravo» jamoasiga taklif qilishgani men uchun ham kutilmagan taklif bo‘ldi. Javlon Shodmonov hamda Otabek Mirzaxolov telefon qilib, «shunaqa taklif bor, birgalikda ishlasak nima deysiz?», deyishganida men rozi bo‘ldim. Albatta, bu masalada turmush o‘rtog‘imning fikrini olgan holda, ular rozi bo‘lganlaridan so‘ng, men ham rozilik bildirdim. Bu yil «Bravo»ning yangi konsertida ilk marotaba chiqish qildim.

Biz tomoshabinning qarsagi, qo‘llab-quvvatlashidan katta energiya olyapmiz. Ular bizni olqishlagani sayin biz xursand bo‘lyapmiz. Teatrda ishlab yurgan vaqtlarimda tomoshabin bizni tushunmasa, esnab o‘tirsa, mehr bilan tomosha qilmasa, kayfiyatimizga ta’sir qilardi. Buni sahnada bildirmasak ham, uyga qaytgandan so‘ng o‘ylab yurardik. «Bravo» jamoasini muxlislar juda zo‘r kutib olishmoqda.

O‘tgan safar O‘zbekistonga kelganimda bir serialga aktyorlar jamoasini, xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlarimiz jamoada borligini bilib, ssenariyning ma’lum bir qismini o‘qib, serialga tushishga rozi bo‘lgandim. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, o‘sha serialga tushganimdan afsuslandim. Chunki montaj va dublyaj ishlaridan umuman qoniqmadim. «Tanaffus qilgan bo‘lsam ham, hech nima yo‘qotmabman», dedim. Bu gaplarimdan xafa bo‘lishmasin. O‘sha qilgan xatoyim menga tajriba bo‘ldi. Endi yanada yaxshilab o‘ylab, keyin takliflarni qabul qilaman.

Turkiya kino olamidan menga bir qancha takliflar keldi. Ssenariyni o‘qiganimda, to‘g‘risi, hayratlandim. O‘n yildan buyon san’at sohasida yurgan bo‘lsam, ssenariyning bunaqa puxta yozilganini ko‘rmagandim. Ssenariyda qahramoningizning ko‘z rangi, qarashi, bolaligi, bolalikdagi laqabi, bolalikda qandaydir kasal orttirgan bo‘lsa, o‘sha kasallik tarixi, hamma-hammasi to‘liq yozilgan. Rejissyor kelib aktyor yoki aktrisaga tushuntirib berishga o‘rin qoldirilmagan. Aktyor ssenariyni o‘qiydi, «bo‘ldi, tayyorman», deb suratga tushadi. Aktyor yoki aktrisa sochini, kostyumini, rejissyordan borib, qahramonining xarakterini so‘ramaydi, u yerda aktyor yoki aktrisa faqat va faqat o‘zining ishini qiladi.

Hozircha «Bravo» jamoasi bilan hech qanday shartnoma qilmadik. Baribir birinchi konsert hamma ilklar uchun sinov desak to‘g‘ri bo‘ladi, - deydi Nargiza Salmonova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Nargiza Salmonova «Bravo» a’zosi bo‘lgani, afsuslangan roli va Turkiya kinosidagi puxtalik haqida (video)