
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanaq Mammadova hamda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali Gran-pri sovrindori Sohib Pashazoda Buxoro shahrida konsert dasturini taqdim etdi. Ijodiy dastur Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari doirasida tashkil qilindi.
Buxorodagi «Yoshlar markazi»da bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjondan kelgan mehmonlar, mahalliy hokimiyat vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Buxoro hokimi Jamol Nosirov shaharda ilk bor o‘tkazilayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov hamda Ozarbayjon parlamenti madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva davlat rahbarlarining muvaffaqiyatli siyosati natijasida ikki qardosh o‘lka aloqalari strategik ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Yurtimizda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari 16-22 oktabr kunlari davom etdi. Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi tomonidan ikki davlat madaniyat vazirliklari, Ozarbayjon parlamenti va mazkur mamlakat elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirlar Toshkent shahri, Navoiy va Samarqand viloyatlarini ham qamrab oldi. Haftalik doirasida Ozarbayjon madaniyati, adabiyoti, musiqasi, raqsi, tasviriy san’ati va milliy liboslari ko‘rgazmalari tashkil qilindi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar