date
views 1 583

Rejissyor Jahongir Ahmedov Bahodir Yalangto‘sh haqida film suratga olmoqda (foto, video)

Rejissyor Jahongir Ahmedov Bahodir Yalangto‘sh haqida film suratga olmoqda (foto, video)
Rejissyor Jahongir Ahmedov Registon majmuasi yaratuvchisi — Bahodir Yalangto‘sh haqida tarixiy film suratga olmoqda. Tasvirga olish ishlari Samarqandda emas, balki «O‘zbekfilm kinokonserni»ning yangilangan panoramali pavilonida o‘tmoqda. Shu kungacha birorta o‘zbek kinosi bunday pavilonda suratga olinmagan.

Yangi panoramali pavilon eng yuqori zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. Ilgari yirik blokbaster va jangovar sahnalar katta maydon va massovka bilan suratga olingan bo‘lsa, bu texnikalar bilan bunga zarurat tug‘ilmaydi. O‘rnatilgan texnikalar bitta pavilonning o‘zida istalgancha atmosferani yaratib beroladi.

«O‘zbekfilm kinokonserni»da s’yomkalar uchun boqiladigan otlar bor. Ularni ham bu yerga olib kelib, sarkardalarning jang sahnalarida ko‘rsatish imkoniyatimiz bor. «Bahodir Yalangto‘sh» filmining deyarli 80 foizi ana shu pavilonda suratga olinadi. Gollivud filmlarida bunday texnikalardan keng foydalaniladi. To‘g‘ri, ular arzon emas, ammo juda qulay
, — deydi kinojurnalist Shoira Raufboyeva.

Rejissyor Jahongir Ahmedov nega aynan bu tarixiy qahramon haqida film olishni istaganini quyidagicha izohladi.

Foto: «Daryo»
Har doim murojaat qilinmagan qahramonlar haqida film suratga olishga harakat qilaman. «Islomxo‘ja» va «Ilhaq» tarixiy filmi qahramonlari ham so‘zimga misol bo‘loladi. Bahodir Yalangto‘sh haqidagi ma’lumotlar juda oz. Hatto, ko‘pchilik Samarqanddagi «Tillakori» va «Sherdor» madrasalarini u bunyod etganini ham bilishmaydi. Tarix instituti bilan maslahatlashgan holda, unga oid manbaalarni izladik. Film ssenariysini Hasan Toshxo‘jayev bilan bir yil davomida hammualliflikda yozdik, — deydi film rejissyori Jahongir Ahmedov.

Foto: «Daryo»
Rejissyor to‘rt oy davomida bo‘lgan kasting jarayonlari haqida quyidagilarni ma’lum qildi.

Foto: «Daryo»
Rolga mos aktyorni tanlash eng murakkab jarayon hisoblanadi. Foto va video kasting jarayonlari to‘rt oy davom etdi. Masalan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidovni avvaliga boshqa rolga tasdiqlab, keyin ikki marta rolni almashtirdik. Oxirgi qarorimizdan so‘ng aktyorning o‘zi ham endi rolda yashay olayotgani haqida aytdi. Bosh qahramon Bahodir Yalangto‘sh roli borasida ham jiddiy bahslar bo‘ldi. Uzoq davom etgan bahslardan so‘ng uni Habibullo Nizomov ijro etadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, Matyoqub Matjonov, Bekzod Muhammadkarimov va Boir Holmirzayev kabi ustoz san’atkorlar ham o‘ziga xos rollarni ijro etishmoqda, — deydi Jahongir Ahmedov.

Foto: «O‘zbekfilm kinokonserni»
Tarixiy filmda kaskadyorlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Mazkur filmda, qozog‘istonlik kaskadyorlar jamoasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan.

Foto: «Daryo»
Suratga olish ishlari 2023 yilning yoz oyiga qadar davom etadi. Film premerasini esa kuz oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rejissyor Jahongir Ahmedov Bahodir Yalangto‘sh haqida film suratga olmoqda (foto, video)