
Foto: AdMe
Jenna Ortega 6 yoshidan boshlab filmlarda suratga tushadi, lekin 20 yoshga toʻlganida «Addamslar oilasi» kult filmi qahramoni Uenzdey roli tufayli butun dunyoga mashhur boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli reaktsiyaga sabab boʻlgan va virusga aylangan raqsni qizning oʻzi oʻylab topgan. Hozirda Jennani boʻlajak Gollivud yulduzi deb atab, uni buyuk kelajak kutayotgani bashorat qilinmoqda.
Jenna Ortega 2002 yil 27 sentyabrda katta oilada tugʻilgan, uning 6 aka-uka va opa-singillari bor. Qizning ajdodlari meksikalik va puerto-rikolik boʻlgan.
Jenna erta yoshdanoq filmlarda rol oʻynashni boshlagani sababli barcha maktab oʻquvchilari kabi imtihonlardan oʻta olmagani va bitiruv kechasida qatnashmaganidan afsuslanadi.
Jenna 2004 yilda «Gʻazab» filmini koʻrganidan keyin aktrisa boʻlishga qaror qiladi. U yosh Dakota Fenningning chiqishidan hayratda qoladi. «Oʻshanda onamga bu aktrisaning puerto-rikolik versiyasi boʻlishni xohlayotganimni aytganman», deb eslaydi qiz.
Bir kuni Jennaning onasi oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga qizining videosini joylashtiradi va unga «Mening drama qirolicham» deb izoh yozadi. Iste'dodli qiz ishtirokidagi videoni kasting direktori payqab qoladi va Jennani uchrashuvga taklif qiladi. Biroz vaqt oʻtgach, yosh aktrisa reklama roliklarida rol oʻynay boshlaydi.
U ishtirok etgan birinchi film «Temir odam-3» edi. 11 yoshli Jenna vitse-prezidentning qizi rolini ijro etgan. «Ular men ishtirok etgan butun bir kadrni kesib tashlashgan, — deydi aktrisa. — Ammo men oʻynagan oʻsha 2 soniyani koʻrsatishganda, onam va doʻstlarim zavqdan baqirib yuborishgandi».
Bir yil oʻtgach, 2014 yilda qiz «Bokira Jeyn» teleserialida bosh qahramonning bolaligini oʻynaydi.

«Sirli oʻrta maktab tartibsizliklari» va «Bokira Jeyn» seriallarida.
Foto: AdMe
2016 yilda Jenna «Harlining hayoti» teleserialida bosh rolni ijro etadi, filmda u katta oiladan chiqqan vunderkind bola rolini oʻynaydi. Qiz aktrisalikka qadam qoʻyishdan oldin, uning oilasi televizorda seriallar tomosha qilishni kanda qilmasdi. Oʻshanda Jenna agar unga aktrisa boʻlishga ruxsat berishsa, uni ham televizorda koʻrishlarini aytadi. Onasi unga kinoya bilan: «Qoʻysang-chi», deb javob beradi. Lekin aynan shunday boʻldi.
«Harlining hayoti» epizodlaridan birida aktrisa uchun bashoratli jumla bor edi. Serialda 7 nafar farzandning oʻrtancha qizi Harli oilasi uchun parkka sayohat uyushtirishga harakat qiladi. Ammo oʻsha kuni barcha aka-uka va opa-singillari band boʻlganini bilib, u shunday deydi: «Etti bola boʻlsa-yu, sen esa oʻrtanchasi boʻlsang shunday boʻladi. Agar oilamiz hafta boʻlganida, men chorshanba boʻlardim». Chorshanba esa ingliz tilida «uenzdey» boʻladi.

Foto: AdMe
Aktrisa multfilm qahramonlariga ovoz berishda ham ishtirok etadi. Uning ishlari orasida «Shahardan tashqarida», «Grinlar oilasi shaharda» va «Avalor malikasi — Elena» kartinalari bor.
E'tirof etilgan «Siz» serialida Jennaning Elli ismli qahramoni 2-mavsumda paydo boʻladi va bosh qahramonning qoʻshnisi rolini oʻynaydi. Bu uning Disney loyihalaridagi birinchi «katta» roli ekani uchun qiz juda xavotirlanadi: «Har kuni suratga olish maydonchasiga borganimda, meni ishdan boʻshatishadi deb oʻylardim».
2021 yilda Jenna qahramon Jennifer Garnerning toʻngʻich qizini oʻynagan «Ha deyish kuni» komediyasi ekranlarga chiqdi.
Muxlislar Jennani «qoʻrqinchli filmlar malikasi» deb atashadi, chunki qiz 2022 yilning oʻzida bir nechta shu janrdagi filmlar — «Iks», «Enaga» va «Qichqiriq»da suratga tushishga muvaffaq boʻlgan.

«Ha deyish kuni» va «Qichqiriq» filmlarida.
Foto: AdMe
«Uenzdey» teleserialidagi taqdirini hal qiluvchi rol uchun videokastingdan oʻtayotgan paytida aktrisa grimda edi, bundan tashqari, u bir kundan beri uxlamagandi — Jenna oʻsha paytda Yangi Zelandiyada «Iks» qoʻrqinchli filmini suratga olish joyida boʻlgan. «Men ekranda shu koʻrinishda paydo boʻlishim bilan Tim Berton kulib yubordi. Men ham», — deb eslaydi u.
Jenna Ortega 1991 va 1993 yillardagi «Addamslar oilasi» filmlarida Uenzdey rolini oʻynagan Kristina Richchi bilan suratga tushishi haqidagi xabardan dahshatga tushganini aytadi. «U juda zoʻr aktrisa. Men u bilan tanishishga qarshi emasdim, lekin u Uenzdeyni benuqson oʻynagan. Va bu men uchun ushbu serialda oʻynash qiyin boʻlganining yana bir sababi edi», — deydi qiz.

Jenna hamkasblari Gvendolin Kristi va Emma Mayers bilan «Uenzdey» serialining suratga olish jarayonida.
Foto: AdMe
Jenna «Juda gʻalati ishlar» serialining ashaddiy muxlisi boʻlib, uning ishtirokidagi «Uenzdey» loyihasi yaqinda mazkur serial rekordini yangiladi.
Jenna vegetarian boʻlib, hayvon mahsulotlarini iste'mol qilmasdi, lekin Ruminiyada oʻtgan serialni suratga olish paytida u chet elda ovqatlanishni muvozanatlash uchun baliq iste'mol qila boshladi.
Rejissyor Tim Bertonning maslahatiga koʻra, Uenzdey rolini oʻynaganida Jenna kamdan kam kiprik qoqqan. Aktrisaning soʻzlariga koʻra, bu unchalik oson boʻlmagan: «Agar koʻzimni pirpiratib yuborsam, butun sahnani qayta suratga olishim kerak edi. Qish boʻlgani uchun yuzimga shamol tegib, koʻz yoshlarim oqardi. Ammo bunga koʻnikib, faqat boshqa odamlar gapirayotgan paytda koʻzimni pirpiratib olardim».

«Uenzdey» seriali premerasida. 2022 yil Met Gala’da.
Foto: AdMe
Jenna oʻqishni yaxshi koʻradi. Intervyuda u Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» romanini oʻqiganini aytadi, chunki bu kitob u rol oʻynagan «Sen» serialida tilga olingan.
«Uenzdey» serialida violonchel chalish sahnasi uchun Jenna suratga olish boshlanishidan 2 oy oldin cholgʻu asbobini chalishni oʻrgana boshlaydi.
Aktrisa kino mukofotlari uchun bir nechta nominatsiyalarga ega, jumladan Uenzdey roli uchun «Oltin globus»ga sazovor boʻlgan.

Jenna 2018 va 2022 yillarda.
Foto: AdMe
Jenna intervyularida shaxsiy hayoti haqida gapirmaydi va u haqidagi gʻiybatlarga hazil bilan javob beradi: «Internetdagi ma'lumotlarga koʻra, men 6 ta yigit bilan yurgan ekanman. Aslida esa ularning hech biri bilan uchrashmaganman».
2017 yilda qiz doʻsti, qoʻshiqchi Jeykob Sartoriusning Chapstick klipida rol oʻynadi.
2020 yilda 18 yoshli aktrisa oʻzining shaxsiy hikoyalari toʻplami boʻlgan birinchi kitobi — «Bularning barchasi sevgi: yurak va qalbingiz uchun mulohazalar» nomli toʻplamini chiqardi.
2022 yil dekabrida «Uenzdey»da Xaver Torp rolini oʻynagan Persi Uayt va Jenna «Qish, bahor, yoz yoki kuz» romantik komediyasida suratga tushishi ma'lum boʻldi. Yangi Gollivud yulduzi birinchi marta loyihada ijrochi prodyuser sifatida ham ishlaydi.

Jenna va Persi Uayt «Uenzdey» serialida
Foto: AdMe
Garchi hozirda aktrisalik karerasiga e'tibor qaratgan boʻlsa-da, kelajakda Jenna rejissyor boʻlishni xohlaydi.
Yaqin kelajakda aktrisaning bir vaqtning oʻzida bir nechta yangi loyihalari, jumladan, «Qichqiriq-6» qoʻrqinchli filmi, «Eng yaxshi koʻrinish» trilleri va «Millerning qizi» komedik-dramasi ekranlarga chiqadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar