O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimiz madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Unda mamlakatimizning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. Xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati haqida asavvur beruvchi bu nodir ashyolar xronologik ekskursiya tarzida joylashtirilgan.
Ma’lumki, yurtimiz hududi transkontinental aloqalar rivojlanishi bilan savdo, fan, ta’lim, madaniyat va me’morchilik markaziga aylangan. Qadimiy yodgorliklarda ko‘plab madaniyatlar – turkiy, forsiy, yunon-baqtriya, arab, hind, xitoy va boshqa xalqlar qadriyatlarining izlari bor. Qiziqarli namoyish tomoshabinga eksponatlarning nafisligini, madaniy va tarixiy ahamiyatini tushunishga yordam beradi hamda mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilish istagini uyg‘otadi.
Ko‘rgazma 3 ta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim qadimgi davlatlar davri, madaniyatlarning Ipak yo‘li orqali tarqalishi, Kushonlar imperiyasi haqida bo‘lib, haykalchalar, tilla buyumlar va tangalar namoyish etilgan. Ularning ayrimlari O‘zbekiston va Fransiya olimlarining birgalikdagi ekspeditsiyasida topilgani diqqatga sazavor.
Ikkinchi bo‘lim qadimgi va o‘rta asrlarda san’at va madaniyatning gullab-yashnashi, yo‘llar va karvonlar mavzusi bilan tanishtiradi.
Uchinchi bo‘lim Reneseans va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, madaniyat va ilm-fan rivojlanishi haqida. Bu yerda mehmonlar Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari bilan tanishishi mumkin. Bu bo‘lim buyuk hukmdor Amir Temur siymosi atrofida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘sha davrga oid bezak buyumlari va Fransiya qirolining Sohibqironga yo‘llagan maktubi taqdim etilgan.
Ko‘rgazma Fransiya prezidenti va delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.