14:21 / 10.11.2024
64

Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri

Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Vahide Perchin mashhur turk aktrisasi bo‘lib, turdizi muxlislarining aksariyati uni “Muhtasham yuz yil” serialidan keyin bilishgan. Vatanida aktrisa alohida hurmatga sazovor — u hozirgi zamon kinematografiyasining eng ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biri hisoblanadi.

Vahide Perchin 1965 yil 13 iyunda Turkiyaning Izmir shahrida tug‘ilgan. Aktrisaning onasi uy bekasi, otasi esa haydovchi edi. Oilada hech kim Vahide aktrisa bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandi. O‘smirlik davrida Perchin grafika va dizaynga qiziqadi, ammo maktabni tugatgach Izmir iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiradi. Biroq qiz nafis san’at olami uni o‘ziga jalb etayotganini tezda tushunadi. Aynan shuning uchun u ikkinchi kursda Eyyul Dokus universitetiga o‘qishini ko‘chiradi. Uning bu yerdagi o‘qituvchisi o‘z shogirdidan juda faxrlanib yuradigan mashhur O‘zdemir Nutku edi. Aynan uning tavsiyasiga ko‘ra, Perchin dastlab Adanga, keyin esa Istanbulga ko‘chib o‘tadi.

Ijodiy yo‘li

2003 yilgacha Vahide Perchin Adanada yashab, mahalliy teatrda rol o‘ynagan. Istanbulga ko‘chib o‘tgandan so‘ng kinoda ham debyut qiladi. Vahide “Ishq ertagi” serialida rol o‘ynaydi. Turkiyalik tomoshabinlar yetuk va tajribali aktrisani iliq kutib olishadi.

Deyarli har yili u yangi loyihalarda suratga tushib, doimiy ravishda tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ladi. 2011 yilda Perchin “Uni Feriha deb chaqirardim” serialida rol o‘ynaydi va aynan Zahra roli unga mashhurlik olib keladi. Ammo “Muhtasham yuz yil” serialidagi Xurram sulton roli bilan dunyoga mashhur bo‘ladi. Biroq aktrisalarning o‘zgarishi ko‘plab tomoshabinlarning noroziliklariga sabab bo‘ladi.

2016 yilda Vahide Perchin “Mening onam” turk dramasida bosh rollardan birini o‘ynaydi. Ushbu serial dunyoning ko‘plab mamlakatlarida haqiqiy hitga aylanadi. Aynan Gunul Aslan roli aktrisaga nafaqat Xurram ampluasidan, balki “Muhtasham yuz yil” muxlislarining e’tirozlaridan ham qutulishga yordam beradi.

2018 yilda Perchin “Bir kuni Chukurovada” serialiga taklif qilinadi. Ikki yil o‘tgach, u “Yolg‘on” filmida bosh rolni o‘ynaydi. 2024 yilda esa “Shokir Posho sulolasi: mo‘jiza va janjallar” yangi serialida suratga tushish uchun shartnoma imzolaydi.

Vahide Perchin “Eshik”, “Ko‘chish vaqti”, “Ayxan xonim”, “Salom hayot”, “Zefir”, “Inqilob mashinasi” kabi film va seriallarda rol o‘ynagan.

U 2021 yildan 2024 yil oktyabrigacha Turkiya aktyorlari kasaba uyushmasi direktori lavozimida ishlagan. Shu bilan birga, Perchin vaqti-vaqti bilan teatrda ham ishlagan. Vahide butun umrini san’atga bag‘ishladi.

Vahide Perchin “Muhtasham yuz yil”da

2013 yilda Perchin “Muhtasham yuz yil” serialida suratga tushish uchun shartnoma imzoladi. U loyihani tark etgan Maryam Uzerli o‘rnini egallaydi. Turkiyalik aktrisa bu rolni ijro etishga majbur bo‘lganiga qaramay, serial muxlislari uni dushmanlarcha kutib olishadi. Turdizi yulduzi bir necha oy davomida haqorat va kamsitishlarga uchraydi. Intervyuda u uyiga dahshatli xatlar kelganini aytib o‘tadi. Biroq barcha qiyinchiliklarga qaramay, Vahide suratga tushishni davom ettiradi.

Natijada tomoshabinlarning ko‘pchiligi nafaqat yangi Xurramni qabul qiladi, balki Vahide ijrosidagi Roksolananing yanada donoroq, vazminroq va xavfliroq chiqqanini e’tirof etishadi. Aktrisa o‘zi “Muhtasham yuz yil” ijodkorlariga ushbu serialda rol o‘ynash imkoniyati uchun bir necha bor minnatdorlik bildirdi. Garchi nafrat qalbiga og‘ir botgani bilan, aynan shu narsa unga suratga tushish uchun kuch berganini tan oladi.

Saratonga qarshi kurash

“Uni Feriha deb atardim” serialining suratga olish paytida Vahide tez-tez o‘zini noxush his qila boshlaydi. U shifokorlarga murojaat qilgach, keng qamrovli tekshiruvdan so‘ng unga dahshatli tashxis qo‘yiladi — ko‘krak bezi saratoni. Biroq aktrisa kasallik bilan kurashishga qat’iy jazm qiladi.

Bir yarim yil davomida u 37 marta nur terapiyasi va 16 marta kimyoterapiya kursidan o‘tadi. Perchin shifokorlarning barcha ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qiladi, natijada barqaror remissiyaga erishishga muvaffaq bo‘ladi. U aynan Xurram roli bilan kinoga qaytadi.

Shaxsiy hayoti

1991 yilda aktrisa hamkasbi Altan Gerdumga turmushga chiqadi. Uch oylik tanishuvdan keyin munosabatlarini nikoh rishtalari bilan bog‘laydilar. Aytgancha, Vahide turmush o‘rtog‘ining familiyasini olgan, shuning uchun uning dastlabki kino loyihalarida u Vahide Gerdum sifatida ko‘rsatilgan. Uch yil o‘tgach, ularning qizi tug‘iladi — unga Aliza deb ism qo‘yishadi. U ota-onasining izidan borib, aktrisa bo‘ldi. 2013 yilda Vahide va Altan ajrashishadi, ammo ajoyib munosabatlarni saqlab qolishadi. O‘shandan beri aktrisa o‘z shaxsiy hayotini hech qachon e’lon qilmaydi va uni begona ko‘zlardan ehtiyotkorlik bilan himoya qiladi.

Vahide Perchin hozirda

Vahide Perchin — haqiqiy zahmatkash ayol. U nafaqat kinoda rol o‘ynashni davom ettirmoqda, balki jamoat va xayriya ishlariga ham befarq emas. Shuningdek, u oilasi bilan birga bo‘lishni, kitob o‘qishni yoki piyoda sayr qilishni afzal ko‘radi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri