
Komik aktrisa Halima Ibragimovaning bevaqt oʻlimi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari hamda uning hamkasblari qalbini larzaga keltirdi. Koʻplab shou-biznes vakillari Instagram’dagi sahifasi orqali marhum hamkasblarini xotirlab, u haqda iliq soʻzlarni yozib qoldirmoqda. Ulardan ayrimlarini e'tiboringizga havola etamiz.

Foto: Instagram
“Ishonish juda qiyin. Hech kim bu yolgʻon dunyoni qachon tark etishini bilmas ekan. Hamisha yuragimdasiz, sizni yaxshi koʻraman”, deb yozdi Munisa Rizaeva.
“Halimaxon qaysar ijodkor boʻlgan. Hattoki institutda birga oʻqib yurgan paytimizda uning san'atda oʻrnini topishiga koʻzim etmasdi. Lekin shu darajada mehnat qilib, intilib, xalq mehrini qozondi. Hozir “Halima kim?” deb soʻrasangiz, aktrisa, qiziqchi degan javoblarni olasiz. Demak, u oʻz maqsadiga erishdi. Ta'bir joiz boʻlsa, soʻzda turish ma'nosida uncha-muncha erkakka oʻrnak boʻladigan qiz edi. Alloh rahmatiga olsin”, dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
“Alloh rahmat qilsin, hali orzu-niyatlari koʻp inson edi. Yaratganning ishlariga qarshi borolmaymiz”, deb yozdi xonanda Umida Mirhamidova.

Foto: Instagram
“Siz doim oʻzingizni sherga oʻxshatardingiz. Kuchli, harakatchan va engilmas inson edingiz. Bu hayotda koʻp sinovlardan oʻtdingiz va doim kurashdingiz. Eng oxirgisi esa ikki farzandingiz uchun edi, ular hali juda yosh. Siz ularga onalik mehrini, oʻzgacha kuchni va sevgini berib ketdingiz. Tarixga esa oʻz nomingizni qoldirdingiz. Kimdir sizdan qoʻrqdi, koʻplar sizni sevdi. Siz mehribon ona, sadoqatli rafiqa, yaxshi opa va sodiq doʻst edingiz. Bizning oilamiz uchun juda aziz inson, bir boʻlagimiz edingiz. Har bir quvonchli kunimda, farzandlarim tugʻilganida ham xursand boʻlib, yonimda turgansiz. Qalbi daryo inson edingiz. Qilgan yaxshiliklaringizni Alloh qabul qilsin, soʻroq-savollaringizni oson qilsin. Siz doim qalbimizdasiz”, deb yozadi xonanda Nilufar Usmonova.

Foto: Instagram
“Albatta, hammamizning borar joyimiz bir, ammo toʻsatdan bunday xabarni eshitib hayron boʻlib qolarkan odam. Savol-javoblarini oson qilsin”, deb yozadi xonanda Hilola Hamidova.

Foto: Instagram
“Men uchun juda qadrli inson, opam bugun omonatlarini topshirdilar. U hayotimda qanday holat boʻlishidan qat'i nazar, doim yonimda turgan. Meni “bolalarimning togʻasi, yoningda men turibman, gazni bos”, deb qoʻllab-quvvatlardilar. Hozirgina ona sherimni soʻnggi manzilga joʻnatib shunaqa ta'sirlandim. Joyingiz jannatda boʻlsin, hamisha qalbimizdasiz”, deb yozadi bloger va aktyor Jamshid Bobojonov.

Foto: Instagram
“Halimaxon...Yana bir yoʻqotish...Bizning oilamizda hamma vaqt hurmatda boʻlgan inson edi. Rahmatli turmush oʻrtogʻim bilan hazillashib “Mirza aka, siz boshqachasiz”, derdilar. Mana bugun koʻp oʻyladim, san'atimizning sizning alohida oʻrningiz boʻlgan ekan. Sogʻinamiz. Ilohim joyingiz jannatda boʻlsin”, deb yozadi xonanda Tojibar Azizova.

Foto: Facebook.com
“Xalqimiz orasida vafot etgan insonlar yo yaxshi soʻzlar bilan xotirla, yoki indama, degan gap bor. Halimaxonning vafoti yuzasidan ta'ziya izhor qilishim barobarida ba'zi insonlar tomonidan yozilgan fikrlarni oʻqib lol qoldim. Shaxsan menga u hech qachon yomon gapirmagan, qaerda koʻrsa, hurmatimni oʻrniga qoʻyardi. Menimcha u tegmaganga tegmasdi, lekin unga tekkan odamni tek qoʻymasdi. Oʻz haqqini olmaguncha tinch qoʻymaydigan inson edi.
U juda koʻp davralarda shunday holda dunyoga kelmagani, balki hayot qiyinchiliklari, ota-onasidan yosh etim qolishi va taqdir sinovlari sabab xarakteri shu holga kelgani haqida aytgan.
Banda borki xatokordir, Alloh har birimizni kamchiliklar bilan yaratgan, faqatgina Yaratgan beayb ekanligini unutmaylik.
Doʻstlar, yaxshi soʻzlar bilan duoda boʻlaylik, oxiratlari obod boʻlsin, yaqinlariga hamdardlik bildiraman", deb yozdi xonanda Mohira Asadova.

Foto: Instagram
“Yordam kerak boʻlgan vaziyatda mardlik qilgan, yordamini ayamagan, haqiqatgoʻy, nohaqlikka chidab turolmaydigan inson edingiz. Ayol boʻla turib, ba'zi erkaklardan ortiqroq mardlik qildingiz”, deb yozadi aktyor Oybek Xolmedov.
“Ba'zi insonlarning ijtimoiy tarmoqlarga yozayotgan izohlarini koʻrib, ranjidim. “Ey gʻofil bandalar, qaerga qarayapmiz, nega biz insonning faqat suratiga, gapirgan soʻzlariga qarab baho beryapmiz? Insonning qalbi, siyrati faqatgina Allohga ayon. Bugun siz yomon deyotgan inson qiyomatda sizdan-da aziz boʻlishi mumkin. Undan koʻra qalbingizni isloh qiling”, deb ijtimoiy tarmoqlarda Halima Ibragimova haqida negativ fikr bildirgan insonlarga oʻz munosabatini bildirdi Lola Zunnunova.
Eslatib oʻtamiz, komik aktrisa Halima Ibragimova 7 dekabr kuni 45 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Xonanda Yulduz Usmonovaning aytishicha, uning oʻlimida jarrohlik amaliyotidan keyingi organizmning oʻzini tiklolmagani va qonda qand miqdorining oshishi sabab boʻlgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar