
O‘zbekiston xalq artisti, afsonaviy “Yalla” ansamblining badiiy rahbari Farrux Zokirov Rossiya Federatsiyasining nufuzli davlat mukofoti — “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot marosimi 28 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Rossiya Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning madaniyat masalalariga bag‘ishlangan beshinchi majlisi doirasida o‘tkazildi.
Madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida olib borilgan faoliyati uchun taqdim etilgan ushbu ordenni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova tantanali ravishda topshirdi.

Farrux Zokirov so‘nggi o‘nlab yillar mobaynida nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududida ham keng e’tirof etilgan ijodkor sifatida tanilgan. Uning “Yalla” ansamblidagi faoliyati, xalqona taronalari va musiqa orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi hissasi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Marosim davomida ikki davlatning madaniyat vazirlari o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Ular, jumladan, teatr, kino, san’at va musiqa sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijodiy almashinuvlar va yoshlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni kengaytirish zarurligini qayd etishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maxsus farmoniga binoan, Farrux Zokirov hamda “O‘zbekkonsert” honandasi Sevara Nazarxon “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan edi. Ushbu orden Rossiya Federatsiyasida 1994 yildan buyon faoliyati davomida turli millat va xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, fan, madaniyat, san’at va gumanitar sohalarda katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.
Farrux Zokirovning ushbu yuksak e’tirofi nafaqat ijodiy merosi uchun, balki butun O‘zbekiston madaniyati uchun ham faxrli voqelik sifatida ta’riflanmoqda. Uning ijodiy yo‘li, nafaqat do‘stlik timsoli, balki ikki xalq o‘rtasidagi madaniy ko‘prik sifatida ham tarixda qoladi.
© Madaniyat vazirligi “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar