
Hozirgi zamon kinosanoatining eng salohiyatli va talabgir rejissyorlaridan biri — Kristofer Nolanning navbatdagi katta loyihasi «Odisseya» filmi bo‘yicha qizg‘in tayyorgarliklar davom etmoqda. Universal studiyasi tomonidan 2026 yil 17 iyul kuni katta ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan ushbu filmga chiptalar shundoq ham sotilib bo‘ldi, deb Peopletalk xabar berdi.
17 iyul tongida Universal studiyasi filmning IMAX formatdagi premerasi uchun chiptalarni kutilmagan holda savdoga chiqardi. Hammasi bir soat ichida sotilib bo‘ldi. Nyu-Yorkdagi mashhur AMC Empire kinoteatrda esa barcha joylar faqat besh daqiqa ichida band qilingani ma’lum qilindi. Bu holat tomoshabinlarning filmga bo‘lgan ulkan qiziqishi va Nolanga bo‘lgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.
«Odisseya» nafaqat mavzusi, balki texnik jihatdan ham kino olamida ilk qadamlarni tashlamoqda. Bu Nolanning eng qimmatbaho filmi bo‘lib, to‘liq IMAX 70 mm plyonkada suratga olinayotgan dunyodagi birinchi lentaga aylanadi. Filmni aynan shu sifatda faqatgina dunyo bo‘ylab 30 ta kinoteatrda tomosha qilish mumkin bo‘ladi.
Filmdagi rollar jahon kino yulduzlari tomonidan ijro etiladi:
Mett Deymon — Odissey,
Tom Xolland — Telemax,
Enn Xeteuey — Penelopa,
Zendeya — Afina,
Sharliz Teron — Sirseya.
Allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda Mett Deymon va Tom Xolland ishtirokidagi suratlar tarqaldi va filmga bo‘lgan qiziqish yanada oshdi.
Filmda qadimgi Yunon qahramoni Odisseyning Troya urushidagi g‘alabadan keyin uyiga qaytish yo‘lida boshidan kechirgan sarguzashtlari aks ettiriladi. Bu klassik syujetni zamonaviy texnologiyalar, vizual effektlar va mukammal aktyorlik mahoratlari bilan uyg‘unlashtirgan holda qayta namoyish etish Nolandan kutilgan katta eksperiment hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar